Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti bilan hamkorlikda “Atom elektr stansiyalarining rivojlanish istiqbollari va uning xavfsizlik masalalari” yuzasidan respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, Prezidentimizning “2019 – 2029 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining tegishli bandlari ijrosini ta’minlash, O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish va elektr stansiyalari qurilishining zamonaviy texnologiyalari, samaradorligi va uning xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik faoliyatini yanada takomillashtirish lozimligi xususida to‘xtaldi.
Seminar doirasida FVV akademiyasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti o‘rtasida o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandumdan ko‘zlangan maqsad xorijiy davlatlarda qurilayotgan va hozirda faoliyat olib borayotgan atom elektr stansiyalarining texnologiyalari, afzalliklari, energiya samaradorligi va shu bilan birga, xavfsizlik masalalarini, xususan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlashning ilg‘or tajribalarini chuqur o‘rganishdan iborat.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UGmC-Wa58eM" title="Atom elektr stansiyalarining rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Gulnoza Boboyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (surat), O‘zA