Atmosferadan yonilg‘i olish davri boshlandi
AQSHda joylashgan Air Company innovatsion kompaniyasi havodan benzin olish imkonini beruvchi yangi texnologiyani ishlab chiqdi. Kompaniya tomonidan taqdim etilgan Airmade nomli qurilma atmosferadagi karbonat angidridni (CO₂) sintetik suyuq yoqilg‘iga aylantiradi. Bu haqda Interesting Engineering nashri xabar bermoqda.
Airmade qurilmasining o‘lchami muzlatkichnikiga teng bo‘lib, u ishlashi uchun atigi havo, suv va qayta tiklanuvchi elektr energiyasidan foydalanadi. Qurilma kuniga 1 litr gacha sintetik benzin ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bunday yoqilg‘i an’anaviy neft mahsulotlarining muqobili sifatida qaralmoqda.
Air Companyning maqsadi nafaqat muqobil yoqilg‘i ishlab chiqarish, balki atmosferadagi zararli karbonat angidridni kamaytirish orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdir. Kompaniyaning fikricha, ushbu texnologiya kelajakda yoqilg‘i ishlab chiqarishda inqilobiy o‘zgarishlar keltirib chiqarishi mumkin.
Ayni paytda Airmade qurilmasi kichik hajmda ishlab chiqarilmoqda, ammo Air Company yaqin yillarda bu texnologiyani ommaviy ishlab chiqarishga joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu esa kelajakda ekologik toza va barqaror energiya manbalarining keng qo‘llanilishiga zamin yaratishi mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/cqQCZEI_Nis?si=01s5efbYj9-sz5vE" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA