O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2024-yil 1-iyundan boshlab barcha toifalardagi avtomototransport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish bo‘yicha “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘lik real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib boriladi.
Transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini avtomatik baholash tizimiga asosan diagnostika tekshiruvi jarayonida aniqlash va natijalari bo‘yicha qalbakilashtirishdan himoyalangan hamda elektron belgiga ega bo‘lgan ekologik stikerlar berish orqali transport vositalari “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifalarga bo‘linadi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash joriy etiladi. Mazkur talab:
birinchi bosqichda (2024-2026-yillarda) - Toshkent shahrida;
ikkinchi bosqichda (2026-2028-yillarda) - Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda (sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish hamda dam olish maskanlari va boshqalar);
uchinchi bosqichda (2028-2030-yillarda) - boshqa barcha hududlarda amalga oshiriladi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi hamda jarima mablag‘lari mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.
2024-yil 1-iyundan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va natijalari bo‘yicha ekologik stikerlar berish mazkur xizmatlar uchun alohida to‘lov undirilmasdan transport vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
2027-yil 1-yanvarga qadar - Toshkent shahrida;
2029-yil 1-yanvarga qadar - Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda ekologik zonalarga ajratilgan alohida ekologik zonalarda;
2031-yil 1-yanvarga qadar - boshka barcha hududlarda.
Elektromobil va elektromototsikllar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan boshqa turdagi transport vositalariga ularning egalari tomonidan onlayn axborot tizimlari orqali yuborilgan murojaatlar asosida real vaqt rejimida “yashil” ekologik toifasiga mansub ekologik stikerlar mazkur xizmatlar uchun alohida to‘lov undirilmasdan diagnostika tekshiruvisiz beriladi va pochta orqali yuboriladi.
Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan ayrim turdagi transport vositalaridan Vazirlar Maxkamasi tomonidan belgilangan tartibda ekologik kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish orqali tegishli ekologik zonalar hududida vaqtinchalik foydalanish mumkin.
2024-yil 1-dekabrga qadar ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralarini belgilash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
O‘zA