O‘zbek milliy matolari deganda ko‘z o‘ngimizda kamalak ranglarda tovlanuvchi atlasu adraslar namoyon bo‘ladi. Usta hunarmandlarning mashaqqatli mehnati, qobiliyati, mahorati natijasida yaralgan atlas, adras, beqasam kabi bir-biridan bejirim matolar nihoyatda qadrlidir.
Azaliy qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan ushbu go‘zal matolar milliy boyligimiz sanaladi. Unda xalqimizning uzoq hamda shonli o‘tmishi, qadimiy an’analari, estetik dunyoqarashi, didi va o‘ziga xos xususiyatlari mujassam.
“Atlas” so‘zi arab tilidan tarjima qilganda tekis, silliq degan ma’noni anglatadi. U tanda ipi ham, arqoq ipi ham tabiiy ipakdan to‘qiladigan bir yuzlama silliq mato hisoblanadi. Alohida ishlov berib atlasga jilo beriladi. Shunga ko‘ra u tovlanib turadi. Atlasning tabiiy ipakdan to‘qilgan eng a’lo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilish hamda to‘qilish usulidadir.
Atlas to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlangan va boshqa joylarga tarqalgan. XX asr boshlarida bu yerda ko‘plab atlas to‘quvchi kosiblar bo‘lishgan. 2017 yilda o‘zbek ipak matolarining to‘qish texnologiyasi YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani milliy matolarimizning jahon miqyosidagi yuksak o‘rnini namoyon etadi. Bugungi kunda yo‘qolib borayotgan an’analarni asrab-avaylash, jumladan, tarixiy matolarni qayta tiklash tobora muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ipak matolar orasida eng mashhuri abrli atlas va xonatlasdir. Ularning o‘ziga xosligi – bezak va gullar matoga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chiziladi. Aytaylik, uzunligi 200 metr, eni 40 santimetr atlasni to‘qish uchun 3 ming 600ta ipak tolani bir-biri bilan uyg‘unlashtirish lozim. Bitta tola uzilsa ham mahsulot sifatiga putur yetadi. Shu bois matoga yangi element qo‘shish juda qiyin. Iplarni "abr" usulida bo‘yash ham katta mahorat talab etadi. E’tiborlisi, barcha ranglar tabiiy usulda, bo‘yoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular o‘z sifatini yo‘qotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi.
Atlasdan ayollar liboslari, ko‘rpa, ko‘rpachalar, erkaklar qiyig‘i va boshqa buyumlar tikiladi. Adrasdan esa ayollarning kiyim-kechaklari bilan birga chopon, ko‘rpa, ko‘rpachalar tikiladi.
Bugungi kunda ko‘plab hunarmandlarimiz tomonidan qadimiy namunalar asosida ishlab chiqarilayotgan “O‘zbekiston go‘zali”, “Marg‘ilon”, “Bibixonim”, “Begoyim”, “Kelinchak atlas”, “Bargi karam”, “Nomozshomgul”, “Guldasta”, “Navro‘z”, “Qo‘chqorshox” deb nomlangan ipak matolari dunyo miqyosida e’tirofga sazovor.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA