O‘zbek tilida – fazogir, inglizcha, fransuzcha, ispancha – astronavt, xitoy tilida – taykonavt, ruscha – kosmonavt, forsiyda – kayxonnavard, tatarlarda – galemche deyiladigan, har qanday yigit-qiz orzu qiladigan fazogirlik juda sharafli, faxrli va ayni payt anchayin murakkab kasb. Zero, osmon-u falakni kezish, fazo kemalarini boshqarishni niyat qilmagan yosh bo‘lmasa kerak.
Har qanday davlat, millat vakilining koinotga uchishi shu yurt, shu xalq uchun olamshumul voqea hisoblanadi. Fazogirning o‘zi uchun esa bu ulkan jasorat va matonat maktabi.
Masalan, Turkiya kosmik kemasini yaratish, fazoga muvaffaqiyatli parvoz amalga oshirish jarayonida barcha siyosiy, tashkiliy, ma’naviy, moddiy-texnik masalalarni muvofiqlashtirib turgan Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 2024 yil 18 yanvar kuni “Birinchi turk kosmik kemasini fazoga uchirish va uni birinchi turk kosmonavti Alper Gezeravji tomonidan osmon-u falakda boshqarish daqiqalaridan boshlab dunyoda Turk asri boshlandi”, deya baralla ovoz bilan xitob qilgan edi. Bu voqea butun turk xalqi, millati, davlatining ilmiy, texnikaviy, iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy hayotida yuksalish davri bo‘ldi.
O‘zbekiston 2024 yildan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlararo kosmik kengashi раиси vazifasini bajara boshladi. Bu e’tirof mamlakatimiz zimmasiga beqiyos mas’uliyat yuklashi barobarida, ko‘pdan buyon orzu qilganimiz – sohada yangi imkoniyatlar ochib berishidan umidvormiz.
Prezidentning 2022 yil 23 noyabrdagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”da yurtimizda bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar batafsil bayon etilgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi – “O‘zbekkosmos” tomonidan sentyabr oyida Yevropaning eng yirik “Airbus” aerokosmik sanoati korporatsiyasi vakillari bilan tadbirlar uyushtirildi.
Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 74-Xalqaro astronavtika kongressi (IAS)da “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga qabul qilindi.
Joriy yil 7-8 oktyabrda Toshkent shahrida AQSH Aerokosmik tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda navbatdagi NASA Space Apps qo‘shma maxsus musobaqasi – Xakaton o‘tkazildi.
Sanaydigan bo‘lsak, qilingan, qilinayotgan va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p va rang-barang. Ayniqsa maxsus xalqaro tadbirlar respublikamiz kosmik tuzilma infratizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, “O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassislari AQSH, Xitoy, Germaniya, Ozarbayjon, Isroil, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Niderlandiya, Tailand, Turkiya, Avstriya, Shveysariya davlatlarida xalqaro konferensiya, seminar va ko‘rgazmalarda ishtirok etib, malaka oshirishdi.
Fazogirlik shunday kasb-ki, sohaga ko‘ngil qo‘ygan insonni doim fazoga, osmoni falakka chorlayveradi. Ma’lumotlarga qaraganda sobiq Ittifoq va Rossiya Federatsiyasi fazoviy kemalarida bugungi kunga qadar 134 kosmonavt parvoz qilgan. Afsonaviy Yuriy Gagarindan tashqari yana uch nafar fazogirni biz juda yaxshi taniymiz: Bo‘stonliq tumanida ulg‘aygan Vladimir Jonibekov, qo‘shnilarimiz – qozog‘istonlik To‘xtar Abubakirov hamda Talgat Musaboyev va nihoyat... Qirg‘iziston va Rossiya Federatsiyasi qahramoni, O‘zbekistonning oliy mukofoti – Amir Temur ordeni sohibi, o‘zbek o‘g‘loni, o‘shlik Solijon Sharipov. Darvoqe, hamyurtimiz Jonibekov koinotga besh marta ko‘tarilgan.
Yodingizda bo‘lsa, muqaddam biz Solijon Sharipov bilan O‘zA agentligidan onlayn bog‘lanib, suhbat o‘tkazgandik. Yaqin orada yana bir suhbat tashkil qilish niyatimiz bor.
Aytgandek, o‘zbek millatining faxri, birinchi o‘zbek fazogiri Solijon ham kosmonavt, ham astronavt hisoblanadi. U Amerika Qo‘shma Shtatlari NASA aerokosmik agentligi Indever kosmik kemasida 1998 yil birinchi bor parvoz qilgan. 2005 yil esa RF “Mir” kemasida ikkinchi marta koinotga chiqdi.
Baribir, mustaqil O‘zbekiston fuqarosi, asl o‘zbek pahlavonining hadsiz fazoga ko‘tarilishi xalqimizning asriy orzulari ro‘yobi bo‘ladi, albatta. Bugungi kunda ayni yo‘nalishda olib borilayotgan barcha tadbirlar shu ezgu maqsadga yo‘naltirilgan. Prezident farmon, qarorlari ijrosi yuzasidan savollar bilan “O‘zbekkosmos” rahbari Shuhrat Qodirovga murojaat qildik.
– Shuhrat Munavvarovich, hammaning ko‘nglidan o‘tayotgan savol: Qachon O‘zbekiston fuqarosi fazoga uchadi? Nomzodlar bormi? Bo‘lsa, ular bugun nima bilan mashg‘ul?
– Kosmos mavzusi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan insonlar uchun doim qiziq bo‘lib kelgan. 2000-yillarga kelib, koinot bilan shug‘ullanish sanoatlashdi va tijoratlashdi. Xususan, Ilon Maskning “SpaceX”, Jeff Bezosning “Blue Origin” va Richard Bransonning “Virgin Galactic” kompaniyalari dasturlari orqali soha barcha uchun ochiq, ommaviy ko‘rinish ola boshladi. Oddiyroq aytganda, bu nafaqat kim o‘zarga raketa uchirish musobaqasi, balki davlatlar iqtisodiyotining asosiy o‘sish nuqtasi sifatida namoyon bo‘la boshladi.
AQSH, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, shuningdek Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yangi loyihalarni ilgari surmoqda. Hatto, aloqa va internet uchun sun’iy yo‘ldosh uchirish, kosmosni, sayyoralarni o‘rganish, fazoviy turizmni yo‘lga qo‘yish borasida xususiy tarmoq kompaniyalari juda faol ishlamoqda. Masalan, ayni vaqt yer orbitasida taxminan 13 000 ga yaqin sun’iy yo‘ldosh mavjud, shundan 5 000 ga yaqini tijoriy kosmik kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Iqtisodiyotning barcha soxalarida kosmosning ta’siri ortmoqda. Navigatsiya, aloqa, meteorologiya, tadqiqot, astronomiya, kartografiya, favqulotda vaziyatlar, oziq ovqat xavfsizligi, global ekologik o‘zarishlar, mudofaa va xafvsizlik soxalari bunga yaqqol misol.
Bugun hayotimizni zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yangi avlod gajetlari, sun’iy intellekt va raqamli uskunalar taraqqiy etgani sari kosmosdan foydalanish ehtiyoji ortmoqda. Aqlli shahar, aqlli uy, robotlashgan dasturlar kabi noyob konsepsiyalar, mazkur yo‘nalish insoniyat kelajagi uchun muhimligini ko‘rsatadi. Hozir sohaning jahon bozoridagi ulushi 500 milliard dollardan oshgan. Tahlilchilar bu raqam 2030 yilga borib 1 trillion dollarga, 2035 yil esa 2 trillion dollargacha yetishini taxmin qilyapti. Demak, koinotshunoslik rivoji har bir davlat uchun eng muhim yo‘nalishlardan biridir.
– Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan yana bir savol paydo bo‘ladi: Global kosmos bozorida O‘zbekistonning mavqei qanday?
– Aslida O‘zbekiston uchun bu soha begona emas. Ilk o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov, aviatsiya general-mayori, astronavtika va astrofizikani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan, Xalqaro kosmik stansiyada tadqiqot o‘tkazgan Vladimir Jonibekov bilan bog‘liq misollar fikrimizni isbotlaydi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yil ayni yo‘nalish qayta jonlandi va sohani takomillashtirishga oid aniq vazifalar belgilab berildi. Xususan, davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Mazkur hujjat asosida sohani yanada taraqqiy ettirish, xorij tajribasini o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarga fazoviy texnologiyalarni keng joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash kabi ko‘plab muhim masalalar ilgari surildi.
– Endi suhbatimizni yer va osmon mavzusiga bursak. Aytingchi, yer, qishloq va suv xo‘jaligi, inshootlar qurilishi va agrotexnikaga kosmos sohasi natijalarini joriy qilish qanday ahamiyatga ega?
– Yurtimizda tuproqdan foydalanish, paxta va bug‘doy dalalari hamda haqiqatda ekilgan maydonlarni hisobga olish, qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zboshimchalik bilan egallash hamda shunday hududlarda noqonuniy qurilgan bino va inshootlarni aniqlashda mazkur soha yutuqlaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tajriba 2023-2024 yillar davomida yer munosabatlari, o‘rmon, suv xo‘jaliklari sohasida faol tatbiq etildi. Masalan, suv omborlarida zahira sathi rejimi va shunday inshootlar loyqa oqova bilan to‘lib borish sur’atini monitoring qilish, obi hayotni muhofaza qilish hududlarida yer uchastkalari o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash maqsadida hisobot davrida jami 60 ga yaqin suv omborida kosmik monitoring ishlari amalga oshirildi.
– Shuhrat Munavvarovich, 2022 yil 20 mayda e’lon qilingan qishloq va suv xo‘jaligidagi faoliyatni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida hukumatning “Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida Agentlik muassisligida “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” tashkil etildi. Mazkur yangi xizmat to‘g‘risida o‘quvchilarga ma’lumot bersangiz.
– “2024-2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqdi, desam adolatdan bo‘lardi. Ayni yo‘nalishdagi ishlar faol olib borilyapti, iqtisodiy tarmoqlarga eng zarur ma’lumotlar, jumladan, koinotdan olingan suratlar tahlili yordamida taqdim etyapti.
Fursatdan foydalanib, yana yuqoridagi asosiy savolingizga qaytmoqchi edim. O‘zbekiston o‘z sun’iy yo‘ldoshi yoki raketasini kosmosga uchirishi uchun yetuk mutaxassislar – texnolog va muhandislar, IT va sun’iy intellektni yaxshi o‘zlashtirgan kadrlar kerak. Shu bois biz yoshlar bilan ishlashni maktab, akademik litsey va kollejlar hamda universitetlardan boshladik. Bu jarayonda uchrashuvlar, ochiq dars va taqdimotlar o‘tkazyapmiz. Toshkent davlat transport, poytaxtimizdagi Kimyo, Inxa hamda Turin Politexnika, Axborot texnologiyalari, Milliy universitetlar, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlik bitimlari imzolanib, ta’lim dasturlarini “O‘zbekkosmos” bilan birga amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Yoju texnika instituti, Inxa universiteti va Moskva aviatsiya instituti bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan.
Qolaversa, 3 yildan buyon NASA bilan hamkorlikda uyushtirilayotgan “Xakaton” tadbirida har yili 200 nafarga yaqin yigit-qiz murakkab mavzular bo‘yicha o‘z g‘oya va tashabbuslarini ishlab chiqyapti. 2024 yil oktyabr oyida Turin politexnika universitetida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshi, deb topilgan 3 loyihasi “Nasa space apps challenge 2024” global bosqichiga yo‘l oldi.
Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekiston “Kosmik fazo, jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va natijalardan foydalanish bo‘yicha davlatlar faoliyati tamoyillari to‘g‘risida”gi shartnomaga qo‘shilishi bo‘yicha qabul qilingan Qonun mamlakatimizning sohaga doir huquqiy tizimi xalqaro umume’tirof etilgan prinsip va normalarga mos rivojlanayotganidan dalolat.
Xullas, niyatlarimiz ezgu. Jumladan, yaqin kelajakda o‘zbek farzandi koinotga chiqishini ko‘rish nasib etsin. Bu xalqimiz uchun beqiyos tarixiy voqea bo‘ladi. Ishonamizki, davlatimiz rahbari, hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida shunday yuksak marralarni albatta zabt etamiz.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA sharhlovchisi