Asrlarga ko‘zgu tutgan musavvir
Poytaxtimizdagi “Akademiya” galereyasining go‘zal zali mamlakat madaniy hayotidagi qiziqarli va ahamiyatli voqeaga o‘z eshiklarini ochdi. Tarix va san’at ixlosmandlari bu yerda xalq rassomi, akademik, professor, buyuk ajdodlarimiz va zamondoshlarimizning ajoyib siymolarini yaratgan Malik Nabiyevning betakror asarlari bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Shu kunlarda mamlakatimizda o‘zbek tasviriy san’atining yetuk vakili, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Malik Nabiyev tavalludining 105 yilligi nishonlanmoqda.
Professor, davlat mukofotlari laureati, buyuk ajdodlarimiz va zamondoshlarimizning mukammal obrazlarini yaratgan Malik Nabiyev 1916 yilda Toshkentda dunyoga keldi. 1958 yildan umrining oxiriga qadar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida iqtidorli yoshlarning bir nechta avlodiga tasviriy san’at sir-asrorlaridan saboq berdi.
Malik Nabiyev ijodi mustaqillik yillarida yanada gulladi. O‘zbek xalqining buyuk farzandlari – Bobur, Fitrat, Usmon Nosirning go‘zal portretlarini yaratdi. Rassom tomonidan 1994 yilda ishlangan sohibqiron Amir Temur portreti nafaqat tasviriy san’atimizda, balki mamlakatimiz madaniy hayotida ulkan voqea bo‘ldi.
Rassomning yurtimiz atoqli tarixiy shaxslari, fan va madaniyatimiz arboblari, fidoyi zamondoshlar qiyofalari aks etgan kartinalari keng jamoatchilik tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. M.Nabiyevning “Spitamen qo‘zg‘oloni”, “Abu Rayhon Beruniy portreti”, “Tamaraxonim”, “Cho‘pon”, “Doktor Maxmudova portreti”, «Quruvchi» kabi asarlari shular jumlasidandir.

Ustoz Malik Nabiyev Yevropa, Osiyo va Amerikaning 40 dan ortiq mamlakatlarida bo‘ldi, dunyoga mashhur boshqa musavvirlarning yorqin asarlari saqlanadigan eng mashhur muzey va ko‘rgazma zallarini, me’moriy obidalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Jahon san’atining turli yo‘nalishlarini o‘rgangan holda, realizm an’analariga sodiq qoldi. Uning Hindiston, Kuba, Shri-Lanka, Indoneziyaga tashrifi taassurotidan yaratilgan, keyinchalik ko‘rgazmalarda taqdim etilgan eskiz va tayyor kartinalari ana shundan dalolat beradi.
Malik Nabiyevdan o‘zbek tasviriy san’atini boyitadigan ulkan ijodiy meros qoldi. U tarbiyalagan shogirdlari bugungi kunda muvaffaqiyatli ijod qilib kelmoqda. Yosh ijodkorlar undan o‘rganishi mumkin bo‘lgan asosiy xislatlardan biri – bu mehnatkashlik va o‘z ishiga sinchkovlik bilan yondashishdir.
Rassom xonadonida o‘rnatilgan, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Ollobergan Olloberganov yaratgan memoriy yodgorlik davlatimiz rahbariyatining rassom ijodiy faoliyatiga munosib bahosi va xotirasiga hurmat-ehtiromidan dalolatdir.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida ushbu sanaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.
Ko‘rgazmada san’at ixlosmandlari, yurtdoshlarimiz buyuk ajdodlarimiz va zamondoshlarimizning ajoyib siymolarini yaratgan Malik Nabiyevning 50 dan ortiq betakror asarlaridan bahramand bo‘lmoqdalar.
Ko‘rgazma shu yil 6 dekabrga qadar davom etadi.
N.Usmonova, O‘zA