Asrlardan ustun, avlodlarga ibrat alloma
Buxoro davlat universitetida oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasi Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga bagʻishlangan “Asrlarda ustun, avlodlarga oʻrnak alloma” mavzuida ilmiy-badiiy anjuman boʻlib oʻtdi.
Buxoro davlat universitetida oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasi Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga bagʻishlangan “Asrlarda ustun, avlodlarga oʻrnak alloma” mavzuida ilmiy-badiiy anjuman boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan oliy oʻquv yurtining yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori O.Qodirov, navoiyshunos olim Sh.Hayitov, filologiya fakulteti dekani D.Rajabov oʻzbek adabiy tilining ohangrabo jozibasini koʻz-koʻz qiluvchi yuksak badiiy teran asarlari bilan qariyb olti asrdan buyon dunyoni maftun etib kelayotgan soʻz mulkining dahosi xalqimizning faxriga aylanganini taʼkidladi.
Ul zotning asarlarida olam va koinot gultoji, yaʼni inson, taʼlim va tarbiya, ezgulik, qalb goʻzalligi kabi mavzular baland pardalarda tarannum etiladi. Shuningdek, buyuk ijodkor oila qadriyatini ulugʻlaydi. Uning bir asarida oy bilan quyoshga mengzalgan ota-ona hurmatini joyiga qoʻygan farzand baxtli-saodatli boʻlishi taʼkidlanadi.
Umuman, Alisher Navoiy ijodi barcha zamonlarning dolzarb masalalariga hamohang boʻlib, xususan, komil inson tarbiyasiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha beshta muhim tashabbusining ilmiy asosi Alisher Navoiy asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar bilan bogʻliq, deya qayd qilindi anjumanda.
Taʼkidlash joiz, universitetning filologiya fakulteti talabalari yuqorida tilga olingan tashabbuslarga oid loyihalari doirasida Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining adabiyot va sanʼatga qiziqishini yana-da oshirish borasida ularga koʻmakdosh boʻlmoqda. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan anjuman badiiy qismi shu bolalar maskani raqqosa qizlarining chiqishi bilan boshlandi.
“Lison ut-tayr” falsafiy, maʼrifiy-badiiy dostoni buyuk shoir ijodida alohida oʻrin tutadi. Asarda insonning maʼnaviy kamoloti, oʻzligi va Yaratganni anglash bilan bogʻliq qarashlar ramziy-majoziy obrazlar, tasavvufiy timsollarda badiiy ifodalanadi. Tadbirda fakultet oʻzbek filologiyasi taʼlim yoʻnalishi 2-bosqich talabalari tomonidan ushbu doston asosida tayyorlangan kompozitsiya namoyish etildi. Sahna talqinida tolibi ilmlarning “Lison ut-tayr“ gʻoyasini nechogʻli toʻgʻri anglab yetganlari namoyon boʻldi. Muhimi ham ana shunda.
– Universitetimizda Alisher Navoiy tavallud sanasiga bagʻishlangan yana boshqa qator tadbirlar ham tashkil etilmoqda, – deydi oʻzbek adabiyoti kafedrasi mudiri Husniddin Eshonqulov. – Bundan tashqari, professor-oʻqituvchilarimiz turli taʼlim muassasalari va tashkilotlarda buyuk shoir ijodiy merosini targʻib qilish maqsadida oʻtkazilayotgan maʼrifiy tadbirlar – adabiyot bayramlarida faol ishtirok etayapti. Taʼkidlash kerak, jamiyatni yangilash jarayoni maʼnaviyat bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun ham, ajdodlarimiz, jumladan, hazrat Navoiy bobomizning boy merosidan bahramand boʻlishga, ruhiy ozuqa olishga ehtiyoj oshib borayotgani juda yoqimlidir.