Asrlar osha yashar Navoiy
Qarorda Navoiy merosini oʻrganish bilan bogʻliq barcha jarayonlar toʻlaqonli qamrab olingani eʼtiborga molikdir.
Aks-sado
Aslida ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiy merosini rostmana oʻrganishga umrlar yetmaydi. Har holda hayotini uning merosini oʻrganishga bagʻishlagan olimu fuzalolarning ilmiy ishlariga bir qur nazar tashlab, shu xulosaga kelish mumkin.
Mamlakatimizda 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorning qabul qilinishi adabiyot, ilm-maʼrifat, sanʼat, maʼnaviyat sohasi vakillari bilan birga oddiy odamlar, soʻz sanʼati muxlislari tomonidan koʻtarinkilik bilan kutib olindi, desak yanglishmagan boʻlamiz.
– Prezidentimizning ushbu qarori Alisher Navoiyning benazir ijodiga, uning darajasiga munosibdir, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Qarorda Navoiy merosini oʻrganish bilan bogʻliq barcha jarayonlar toʻlaqonli qamrab olingani eʼtiborga molikdir.
Darhaqiqat, yangilanayotgan Oʻzbekistonimiz oʻz maʼrifiy taraqqiyotining yangi bosqichida turgan masʼuliyatli bir davrda ustoz Navoiy merosini puxta oʻrganish har qachongidan ham dolzarbdir. Bu jarayon Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tuzish, Alisher Navoiy ordenini taʼsis etish, mutafakkir qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning xorijdagi faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish, daho bobokalonimiz qoʻlyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish kabi koʻplab ezgu tashabbuslar bilan chambarchas bogʻliqdir.
– Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar Navoiy merosini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda oʻrganishda yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi, – dedi adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Zero, bugungi kunda Navoiy merosini mukammal oʻrganish har qachongidan ham muhimdir.
Buyuk mutafakkir shoir ijodining bilimdoni, ustoz tadqiqotchi, navoiyshunos olim Aftondil Erkinovning fikricha, Navoiyni milliy oʻzlikni anglash yoʻlidagi mayoq atasak, yanglishmaymiz. Hazratning bebaho merosini oʻrganishga doir ushbu qaror xalqimiz qalbida buyuk ajdodlari bilan faxrlanish tuygʻularini yana-da kuchaytirishi, shubhasiz. Ayni paytda Navoiy tavalludining 580-yilligini nishonlashga doir bunday ezgu tashabbus mamlakatimiz maʼrifiy hayotidagi ulkan zalvorli voqeadir.edited
Ha, chindan ham ushbu hujjatda belgilangan amaliy chora-tadbirlar Navoiy boboni xalqimizga yana-da yaqinlashtirishga xizmat qilishi, shubhasiz. Ajabmaski, endi nainki akademik, ilmiy-ijodiy doiralarda, olimlar, tadqiqotchilar, shoiru yozuvchilar, adabiyot fidoyilari bilan birga barcha-barchamiz, kattayu kichik ulugʻ shoir asarlariga yana-da yaqinlashsak, undan halollik, poklik, ezgulik, insoniylik, rostgoʻylik, samimiyat sabogʻini puxta oʻzlashtirsak!
Daho shoir ijodining murakkabligi, yana ham toʻgʻrirogʻi, mukammalligi uni oʻrganish jarayoniga taʼsir etmay qolmayotgani ham bor gap. Biroq uning satrlariga koʻz yugurtirib, Navoiyning asrlar, zamon va makonlar osha hamon barhayotligiga ishonch hosil qilamiz. Donishmand soʻzi, ziyrak nigohi, bashoratgoʻy oʻy-xayollarini astoydil his etamiz. Insonni, jamiyatni, borliqni illatlardan xoli, bekamu koʻst, barkamol koʻrishdek pokiza va ezgu orzulariga, yaxshilikka xayrixohlikdek maqsad-muddaolariga oshno boʻlamiz! Daho shoir ijodining moʻjizasi ham shunda emasmi!