Asr bilan bo‘ylashgan momolar xonadoni yo‘qlandi
Xalqimizda keksalarga hurmat-e’tiborda bo‘lish, ularni e’zozlash yuksak ma’naviy qadriyatga aylangan. Nuroniylar maslahat bersa, uzoqni ko‘zlaydi, duosi orqali el-yurt tinchligi, mehr-muhabbati, dasturxon qut-barakasiyu yoshlar kamolotini niyat qiladi. Qayerda keksalar bo‘lsa, ularga e’tibor bo‘lsa, shu joyda fayz bor, baraka bor.
Yoshi ulug‘ nuroniylar, mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan qator huquqiy hujjatlar keksalarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning yorqin namunasidir.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanining “Bag‘dod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 100 yoshdan oshgan Inoyatxon momo Qayumova va “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qumrixon momo Farmonova, shuningdek, Buvayda tumani Qoraqum MFY, Zamondoshlar ko‘chasida istiqomat qiluvchi respublikamizda yoshi eng ulug‘ – 126 yoshli Xuvaydo momo Umarova holidan xabar olish uchun ularning xonadoniga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining keksalar va faxriylar bilan ishlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Muazzamxon Umarova, Farg‘ona viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi – viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari To‘lqinoy Tojiyeva va yana boshqa faollar tashrif buyurishdi.
Asr bilan bo‘ylashgan momolarga “Keksa avlod vakillarining davlat va jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, oilalarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi faolligi uchun” Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi, senator, O‘zbekiston Qahramoni S.Turdiyevning tashakkurnomasi hamda sovg‘a-salomlar topshirildi. Yo‘qlovdan mamnun momolar duoga qo‘l ochishib, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, hayotimiz yanada farovon, mehnatkash xalqimiz baxtiyor, Prezidentimiz sog‘-salomat bo‘lishini so‘rab, duolar qilishdi.
M. Sulaymonov, O‘zA