Asossiz qarzdorlik va aldangan fuqarolar
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga navoiylik G.Safarova murojaat qilgan. G.Safarovaning aytishicha, u Navoiy markazidagi korxonaga mebel yasab berishlarini so‘rab, 1 500 000 so‘m to‘lov qiladi, biroq oradan ikki oy vaqt o‘tsa-da, buyurtma olib kelinmagan.
G.Safarova bu borada tadbirkorga bir necha marotaba murojaat qiladi, lekin korxona quruq va’dalar bilan fuqaroni aldab kelgan.
Denovlik A.Sherdanov ham o‘z uyiga yangi hisoblagich o‘rnatilgach, xonadon elektrdan uzib qo‘yilganidan shikoyat qilgan.
Hodisa o‘rganilgach, elektr tarmoqlari xodimlari fuqaroning eski hisoblagichida 500 ming so‘m qarzi mavjudligini aytadi.
Ammo buni qarangki, iste’molchining to‘lov kvitansiyalari va kompyuter bazasi tekshirilganda hech qanday qarz yo‘qligi oydinlashdi. Natijada, qarzdorlik iste’molchi gardanidan olib tashlanib, xonadon elektr bilan ta’minlandi.
Yana bir murojaat, Farg‘ona viloyati Yaypan shahrida yashovchi fuqaro D.Ubaydullayevdan kelgan. U maishiy savdo do‘konidan uch million so‘m evaziga muzlatgich sotib olgan, oradan ikki oy o‘tar o‘tmas esa, muzlatgich ishlamay qolganini aytib o‘tgan. Murojaat o‘rganilib, muammo iste’molchi foydasiga hal etildi.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA