Asossiz qarzdorlik bekor qilindi
Jizzax viloyatining ba’zi hududlarida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi kabi holatlar uchrab turibdi.
Forishda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligi rahbari tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlarining harakatidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Joriy yilning 25 aprel kuni fermer xo‘jaligiga nisbatan elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilganligi haqidagi dalolatnoma rasmiylashtirilgan va 114 kun davomida ushbu xo‘jalik elektrdan noqonuniy foydalanib, davlat hisobiga moddiy zarar yetkazilganligi bo‘yicha qayta hisob-kitob dalolatnomasi tuzilgan.
Biznes-ombudsman devoni vakili tomonidan murojaatda keltirilgan masalalar “O‘zenergoinspeksiya”si Jizzax hududiy bo‘limidan mutaxassis jalb qilgan o‘rganish natijasida ma’lum bo‘lishicha, Forish tuman elektr ta’minot korxonasi xodimlari tomonidan qayta hisob-kitobga asos qilingan 114 kun asoslantirilmagan. Aslida Forish tuman iqtisodiy sudining 2022 yil 10 oktyabridagi ijro hujjatiga asosan fermer xo‘jaligining uch dona transformatori qarzdorlikni undirish maqsadida olib qo‘yilgan. Ushbu transformatorlar 2023 yil 3 mart kuni davlat ijrochisi tomonidan qaytarib berilgan.
Biznes-ombudsman tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Jizzax hududiy filialiga qayta hisob-kitobning asossizligi isbotlanib, joriy yilning 23 mayida tadbirkorga nisbatan hisoblangan zarar summasi bekor qilindi.
A.Qayumov, O‘zA