Asossiz hisoblangan 1,3 milliard so‘mlik soliq qarzi bekor qilindi
Muborak tumanida fuqaro K. Saidovga u foydalanmayotgan va allaqachon tuman hokimligi zaxira fondiga o‘tkazilgan yer maydoni uchun 1 milliard 334 million so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi yozilgan.
Mazkur holatdan norozi bo‘lgan fuqaro o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash maqsadida Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.
Ushbu murojaat adliya organlari tomonidan o‘rganilib, aniqlangan holatlar yuzasidan soliq idorasiga tegishli taqdimnoma kiritildi.
Natijada fuqaroning zimmasiga asossiz yuklangan 1 milliard 334 million 633 ming 333 so‘m miqdoridagi soliq qarzdorligi bekor qilindi.
Bu holat fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda murojaatlarning muhim ahamiyat kasb etishini yaqqol ko‘rsatadi. Qonunchilikda belgilangan huquqiy mexanizmlardan foydalanish orqali asossiz yuklangan majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqish va buzilgan huquqlarni tiklash imkoniyati mavjud.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri