Asosiy maqsad qonuniylikni ta’minlash
Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan “Har bir murojaat e’tiborda” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Soha xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat prokurori o‘rinbosari Ravshan Zayniyev axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan 2021 yilning o‘tgan davrida 8 ming 499 ta murojaatlar kelib tushgan. Ularning 5 ming 442 tasi hal qilingan. 901 tasi qanoatlantirilgan. 67 tasi esa rad etilgan. 4 ming 474 tasiga tushuntirish berilgan. 54 tasi jinoyat ishlariga qo‘shgan holda tekshirilgan. Asosiysi, 474 nafar shaxslarning huquqi tiklangan. 2 ming 885 tasi boshqa muassasalarga yuborilgan. 61 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Murojaatlar mazmun jihatdan tahlil qilinganda, mehnatga oid qonunlar yuzasidan 477 ta, uy-joyga doir qonunlar yuzasidan 269 ta, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlar yuzasidan 1071 ta, shaxsiy huquqlar yuzasidan 156 ta, siyosiy huquqlar yuzasidan 5 ta, tadbirkorlik huquqlariga doir 328 ta, murojaatlarni ko‘rib chiqishdagi qonunbuzilishi holatlari xususida 16 ta, xotin-qizlar huquqlari yuzasidan 13 tani tashkil etadi.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov masalalari yuzasidan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda ushbu sohada 4 oy davomida 835 ta murojaat hal qilingan.
Mansabdor shaxslarning qonunga zid huquqiy hujjatlariga 27 ta protest, qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 2 ta taqdimnomalar kiritilgan. 13 nafar (3 nafar mansabdor shaxs) intizomiy va 2 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan murojaatlarni ijobiy hal etilishiga asosiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Viloyat prokuraturasining tashabbusi bilan joriy yilning aprel oyida ko‘plab ishchi xodimlaridan ish haqidan qarzdorligi bo‘lgan “Neftgazqurilishta’mir” AJ huzuridagi 1 va 5-sonli Qurilish montaj boshqarmasi hamda “Muborakneftgazmontaj AJ “Trubodetal” unitar korxonalaridan jami 1 milliard 600 million so‘mdan ortiq ish haqini undirish yuzasidan FIB sudlariga da’vo arizalari kiritilgan.
Viloyat prokuraturasi aralashuvi bilan 2020 yilda pilla hosilidan qarzdorligi bo‘lgan “Bukhara Brilliant Silk Cluster” MCHJdan agronom ishchi xodimlarining ish haqlarini undirish yuzasidan Buxoro, Romitan, Shofirkon, G‘ijduvon va Peshku tumanlaridagi 50 dan ortiq agronom ishchi xodimlarga 168 million 800 ming so‘mlik ish haqlari undirib berilishi ta’minlangan.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan xususiy sektor vakillari murojaatlariga alohida e’tibor qaratilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan tarzda ish olib borilmoqda. Tadbirkorlikni endi yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga bank krediti mablag‘lari ajratilishi barobarida, muammosi mavjud tadbirkorlik sub’ektlariga ham amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Xususan, Qorako‘l tumani, “Sayyot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.Xo‘jaqulovaga 17 million 600 ming so‘mlik, J.O‘rinovga 25 million 300 ming so‘mlik, shu tumanning “Oq oltin” mahallasida yashovchi S.Oltiyevga 25 million 200 ming so‘mlik chorva mollari boqish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun bank kreditlari ajratilgan.
[gallery-2652]
Buxoro shahar, “Yangi hayot” ko‘chasi 17-uyda yashovchi M.Qayumovning “Agro mega Stroy” MCHJ issiqxonasini tabiiy gazdan qarzdorligi sababli uzilgani, gaz tarmog‘i issiqxona ko‘chatlari sotuvga chiqarilguniga qadar ulab berilishini so‘rab yo‘llagan murojaati ko‘rib chiqilib, tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berilishi ta’minlangan.
Prokuratura tomonidan qilingan ko‘plab ijobiy ishlarni davom ettirish mumkin. Asosiy maqsad esa fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, viloyatda qonuniylikni ta’minlashdan iborat.
Prokuratura xalq ichiga kirib bordi. Fuqarolarimizni qanday muammo qiynamasin, barchasi qonun talabi doirasida, adolat tamoyillariga tayangan holda hal etilishi shubhasiz. Binobarin, huquqiy demokratik davlatda qonun ustuvor.
Anjumanda soha xodimlari tomonidan jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berildi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA