Asosiy maqsad ― Olimpiadada g‘olib bo‘lish
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida yurtimizda jismonan sog‘lom va barkamol avlod voyaga yetmoqda, sportchilarimiz jahon maydonlarida ulkan g‘alabalarga erishmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida yurtimizda jismonan sog‘lom va barkamol avlod voyaga yetmoqda, sportchilarimiz jahon maydonlarida ulkan g‘alabalarga erishmoqda.Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi Aleksey Mochalov ana shunday sportchilardan biri. U mamlakatimiz va xalqaro musobaqalarda ellikka yaqin oltin medalga sazovor bo‘lgan.
Aleksey sportchilar oilasida tug‘ilgan. Otasi va amakisining izidan borib, sportning baydarkada eshkak eshish turi bilan shug‘ullanishga qaror qildi. 14 yoshida Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga kirgan Aleksey uch oydan so‘ng o‘z yosh toifasida barcha musobaqalarda g‘olib chiqdi. Xususan, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi sovrini uchun o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ko‘pkurash musobaqalarida ishtirok etdi.
2007-yil Aleksey mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasi tarkibida xalqaro musobaqalardagi dastlabki g‘alabasiga erishdi. Bu uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi. 2008-yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida jahon kubogi bosqichlarida, 2009-yil o‘tkazilgan Osiyo chempionati, 2010-yilgi Osiyo o‘yinlari va boshqa ko‘plab nufuzli xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egalladi.
O‘tgan yilning iyun oyida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichida 35 mamlakatdan eng yaxshi sportchilar o‘zaro kuch sinashdi. Baydarkada 500 metr masofaga eshkak eshish bahslarida Aleksey uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Yaqinda Indoneziyada o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatida yigirmadan ortiq davlatdan qariyb 500 sportchi medallar uchun kurashdi. 1000 metr masofaga yakkalik bahslarida Aleksey g‘olib bo‘ldi. Musobaqa yakunida O‘zbekiston terma jamoasi 8 oltin, 3 kumush va 6 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, hamyurtlarimiz 2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini beradigan 5 yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Ular orasida Aleksey Mochalov ham bor.
– Prezidentimiz rahnamoligida sport, jumladan, suv sportini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotgani yuksak natijalarni qo‘lga kiritishimizda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Aleksey. – Buning samarasida mamlakatimizda yirik xalqaro turnirlar o‘tkazilmoqda. 2013-yil Samarqand shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha XV Osiyo chempionatining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani buning yorqin tasdig‘idir.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 22-avgustdagi farmoni bilan Aleksey Mochalovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi. Bugun u milliy terma jamoamiz tarkibida Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorini bajarish maqsadida sportchilarimizni navbatdagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga munosib tayyorlash bo‘yicha qabul qilingan maxsus dasturga muvofiq eshkak eshish muhim sport turlari qatoriga kiritildi, – deydi baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Vyacheslav Sergeyev. – Bu, biz, murabbiylar zimmasiga sportchilarni jismoniy va psixologik tayyorlash, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga doir mas’uliyatli vazifalarni yukladi. Olimpiya o‘yinlari yer yuzidagi eng kuchli sportchilar bellashuvidir. Unda ishtirok etish esa har bir sportchining orzusi, ular hayotidagi yorqin va unutilmas voqea hisoblanadi.
Mamlakatimizda sportning eshkak eshish turlari yanada ommalashib bormoqda. Yurtimizdagi nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni yuksak saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. 12 ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi hamda o‘ndan ziyod olimpiya zaxiralari kollejida baydarka va kanoeda, slalom va akademik eshkak eshish bo‘yicha sportchilar tayyorlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabida baydarka va kanoeda eshkak eshish, slalom va akademik eshkak eshish bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. Eshkak eshish bo‘yicha barcha yirik respublika musobaqalari, turnir va mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan asosiy baza Toshkent dengizida joylashgan. Bundan tashqari, sportchilar Toshkent viloyatidagi “Qoranko‘l” eshkak eshish bazasi, poytaxtimizdagi Anhor kanali va Samarqanddagi eshkak eshish kanalida mashg‘ulotlar olib bormoqda. O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan Toshkent dengizidagi eshkak eshish bazasida yangi sport zali, murabbiy va sportchilar uchun dam olish kompleksi qurilishi nihoyasiga yetkazildi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida ushbu sport turlari bo‘yicha malakali murabbiylar tayyorlanmoqda. Mutaxassis va murabbiylar tajribasi hamda mahoratini oshirish maqsadida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlar ishtirokida turli seminarlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, sportchilarimizning dunyodagi kuchli terma jamoalar bilan birgalikda xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida muntazam ishtirok etayotgani ham yuksak samaralar berayotir. O‘zbekiston “Rowing & Canoe” federatsiyasining kalendar rejasiga muvofiq Olimpiya o‘yinlariga maqsadli tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, terma jamoamiz mazkur federatsiya, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda xorijiy hamkorlar tomonidan tashkil etilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashmoqda. Joriy yilda sportchilarimiz Portugaliya va Polshada o‘tkaziladigan yig‘inlarda ishtirok etadi. Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish doirasida may oyida terma jamoamiz Chexiya va Germaniyada o‘tkaziladigan jahon kubogining ikki bosqichida qatnashadi.