Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 16-umumta’lim maktabida tarix, davlat va huquq asoslari, o‘zbek tili (davlat tili), rus tili va adabiyoti hamda geografiya fanlari bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan 168 nafar 11-sinf o‘quvchisi ishtirok etdi.
Olimpiadaning birinchi kunida ishtirokchilar til fanlari bo‘yicha esse yozish orqali o‘z bilim va tafakkur salohiyatini namoyon etdi. Ikkinchi kuni esa barcha fanlardan test sinovlari o‘tkazildi. Jarayonlarda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-28403]
Tadbir doirasida ishtirokchilarning ota-onalari va o‘qituvchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Yakunda g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda mutasaddilar ishtirok etib, o‘quvchilarning yutuqlarini e’tirof etdi.
Olimpiada natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan ishtirokchilar oltin, kumush va bronza medallari, diplomlar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin sohiblari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA