Asosiy e’tibor inson manfaatiga qaratilgan
11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni
Odatda, kasaba uyushmalari haqida gap ketganda ish beruvchi va xodim o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tovchi, xodimlar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotni tushunamiz. Ko‘pchiligimiz bilgan, a’zo bo‘lgan kasaba uyushmalarining shunday faoliyatidan xabardormiz, bunga guvoh bo‘lganmiz.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyatida esa bugun ushbu yo‘nalishlardan tashqari jamiyat hayotining turli jabhalari qamrab olinganini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, xotin-qizlar turmush sharoitini yaxshilash, bolalar manfaatini himoya qilish, madaniyat, san’at, sport sohalarini rivojlantirish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda ham kasaba uyushmalari faol ishtirok etmoqda.
Joriy yilda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining dasturi qabul qilingan. Shu asosida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan.

– Besh bo‘lim, 30 banddan iborat dasturda asosiy e’tibor inson manfaatlariga qaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Bunda xodimlar, jumladan, yoshlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ularning o‘qishi, ishlashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, keksa avlod vakillari salomatligini ta’minlash, bolalar huquqlarini kafolatlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Bu borada yil boshidan buyon kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 1723 nafar farzandiga o‘quv qurollari, darsliklar olib berildi. Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 105 nafar iqtidorli, kam ta’minlangan va chin yetim talabaga o‘quv shartnoma pullari qisman to‘lovi uchun 357 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Turli bayramlar, muhim sanalar munosabati bilan 533 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs va o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishi, korxonalarning sobiq xodimlariga kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan qariyb 100 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
380 nafar ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan yosh onalarga jami 111 mln. 160 ming so‘m, shundan, 63 mln. 460 ming so‘m ish beruvchilar va 47 mln.700 ming so‘m kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari 2535 nafar kam ta’minlangan, yosh oila vakillariga kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan 592 million so‘m, ish beruvchilar tomonidan 410 million so‘m yordam berilishi ta’minlandi. 32 nafar yosh xodim safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan 139 million so‘m foizsiz ssuda amalga oshirildi.
Shuningdek, 57 ta yosh oilaga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish uchun ish beruvchi hisobidan 320 million so‘m ssudalar ajratilishi ta’minlandi.
Davlat tashkilotlari, idoralarda yosh bolali ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay mehnat sharoiti yaratish masalasi doimiy e’tiborda bo‘ladi. Ammo xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining barchasida ham bunday imkoniyat mavjud deb ayta olmaymiz. Shu bois yilning o‘tgan davrida nodavlat mulk shaklidagi 110 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalariga o‘zgartirish kiritish orqali 132 nafar yosh bolali ayollar uchun oylik maoshi saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilandi.
Kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ishchi xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, maroqli hordiq chiqarishini ta’minlash borasida yil boshidan buyon ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmalari byudjeti hisobidan viloyatdagi tashkilot hamda korxonalarda faoliyat olib borayotgan 4354 nafar ishchi va ularning oila a’zolariga respublikamizdagi o‘ttizdan ortiq sanatoriyga yo‘llanma berildi. 200 nafarga yaqin urush va mehnat faxriylari, baynalminalchi jangchilar, ko‘p bolali, kam ta’minlangan oilalarning mehnat qiladigan a’zolari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mablag‘lari asosida bepul sog‘lomlashtirildi. Bolalarni oromgohlarda sog‘lomlashtirish mavsumida esa ijtimoiy sug‘urta byudjetidan har bir dam olgan bola uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi (170 ming so‘m) miqdorida mablag‘ to‘lab berish belgilangan bo‘lib, 7 ming nafarga yaqin bolalarni sog‘lomlashtirish uchun saqlash xarajatlariga 1 milliard 182 million so‘m mablag‘ sarflandi. Umuman, yoz mavsumida Samarqand viloyatidagi 15 ta statsionar oromgohda 9200 nafardan ortiq bolalar sog‘lomlashtirildi.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi asosida kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan 5600 nafardan ortiq ishchi-xodim va ularning oila a’zolarining yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohati uyushtirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri