“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasi iste’molchilariga ASKUE tizimiga mos keluvchi hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi “Elektr energiyasini hisobga olish va avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan ushbu ishlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kun holatiga respublika bo‘yicha jami 6 million 900 mingdan ortiq hisoblagich o‘rnatib bo‘lindi. Rejaga asosan, jami 7 million 400 mingga yaqin hisoblagich almashtirilishi kerakligi hisobga olinsa, bu – qariyb 93 foiz iste’molchining hisoblagichlari tizimga mos hisoblagichlarga almashtirildi, degani.
Hozirgacha ushbu hisoblagichlarning qariyb 5 millionga yaqini billing tizimiga ulanib, iste’molchilar bilan hisob-kitoblar avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda. Hisoblagichlar bo‘yicha ma’lumot olish va nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Aytish kerakki, ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasidagi shaffoflikni ta’minlash, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, shu bilan birga, iste’molchilarning foydalangan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, elektr energiyasini taqsimlashda har bir iste’molchi va transformator punkti kesimida kerakli ma’lumotlarni olish va tahlil qilib borish, shu bilan birga, ushbu olingan ma’lumotlar asosida modernizatsiya ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.
Bundan tashqari, ushbu tizim orqali iste’molchilarning hisoblagichlariga tashqaridan aralashuvlar, noqonuniy foydalanish holatlarining oldi olinadi.
Qolaversa, ko‘p holatlarda qarzdorligi mavjud iste’molchilar tarmoqdan ajratilganda ular tomonidan o‘zboshimchalik bilan qayta ulanish holatlari mavjud edi. ASKUE tizimi aynan shunday noqonuniy aralashishlarning oldini oladi. Deylik, iste’molchi tomonidan shunday holatga yo‘l qo‘yilgan va qarzdorlik qoplangan taqdirda ham hisoblagichlar avtomatik yoqilmaydi. Buning uchun elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari tomonidan tegishli choralar ko‘rilgach, yoqib beriladi.
Shu bilan birga, ushbu tizim joylardagi katta yuklamalar bilan ishlayotgan transformator punktlari yohud tarmoqlarni aniqlash, yuzaga keladigan avariya holatlarining oldini olish, shuningdek, uning yordamida kelgusida modernizatsiya va qurilish ishlarini amalga oshirish hamda iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Loyiha umumiy qiymati 587 million dollar bo‘lib, ilk bosqichi Osiyo Taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirgan va buning uchun 150 million dollar ajratilgan.
Ta’kidlash joizki, tizim to‘liq joriy etilishi natijasida elektr energiyasi ta’minotida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ladi. Avvalo, tizimdagi tig‘iz soatlarda yuklamani boshqarish imkoniyati yaratilib, iste’molchilarga elektr energiyasini oldindan to‘lov asosida yetkazib berish orqali qarzdorlik hosil bo‘lishining oldi olinadi. Aylanma mablag‘lar tanqisligi sabab modernizatsiya va rekonstruksiya qilinmayotgan tarmoqlarga ko‘proq mablag‘ ajratish hisobiga elektr energiyasini uzatishdagi uzilishlar soni sezilarli darajada qisqarishiga erishiladi. Asosiysi, dastur orqali qaysi tarmoq yoki hududlarda me’yordan ortiq yo‘qotishlar bo‘layotganini aniqlash orqali elektr energiyasini uzatishda tijorat yo‘qotishlarga imkon qadar to‘siq qo‘yiladi.
Ayni kungacha jamiyatning o‘z mablag‘lari hamda qator xalqaro tashkilotlar investitsiyalari hisobidan qariyb 7 million dona zamonaviy hisoblagich o‘rnatildi. Elektron hisoblagichlar Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar – “Elektron hisoblagich” QK va “Toshelektroapparat” MCHJlar tomonidan yetkazib berilmoqda.
Avtomatlashtirilgan tizimga ulangan elektr hisoblagichlardan foydalanish, avvalo, fuqarolarga ham qulaylik yaratadi. Avvalgi hisoblagichlarda sanoqli ma’lumotlar jamlangan bo‘lsa, tizimga ulangan hisoblagichlarda 40 ga yaqin ma’lumotni ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lib, egasiga taxminan 25 yilgacha xizmat qilishi ko‘zda tutilgan“aqlli” hisoblagichlar mahalliy korxonalar tomonidan jahon standartlari asosida yurtimiz iqlim sharoiti, xususan, havoning eng issiq va eng sovuq darajasiga moslashtirilgan holda ishlab chiqarilmoqda.
O‘z navbatida, iste’molchilarga qulaylik yaratish hamda hisoblagichlarga texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Samarqand shahrida loyihaning 1-fazasi doirasida Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlarida o‘rnatilgan “KAIFA” rusumli hisoblagichlarga servis xizmatini ko‘rsatuvchi Markaz o‘z ishini boshladi.
Bundan tashqari, respublikamizning qolgan hududlarida ham mahalliy korxonalar – “Elektron hisoblagich” QK va “Toshelektroapparat” MCHJda ishlab chiqarilgan hisoblagichlarga xizmat ko‘rsatish servis markazlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Xizmat ko‘rsatish markazining vazifalariga kafolatli bepul yoki pullik xizmat ko‘rsatish, hisoblagich nuqsonlarini bartaraf etish uchun ehtiyot qismlarni boshqarish, ma’lum darajadagi nuqsonlarni tahlil qilish bilan birga, nosoz qurilmalarni shu yerning o‘zida tuzatish imkoni mavjud.
Faxriddin NURALIEV,
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati rahbari