Askarlar tavsiyanoma uchun test topshirdi
Markaziy harbiy okrug hududida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomasini olish uchun test sinovlarini topshirdi.
Test sinovlari muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirganligini yakuniy baholash maqsadida tashkil etildi. Jarayonda talabgorlar jangovar tayyorgarlik bo‘yicha 40 ta, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikka oid 20 ta, matematika va fizika fanlaridan 20 ta va yana 20 ta mantiqiy test topshiriqlarini bajarishlari belgilangan.
[gallery-21341]
– Muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomida jangovar tayyorgarlik bilan birga ma’naviy-ma’rifiy sohadagi bilimlarimizni mustahkamlab, matematika, fizika fanlari bo‘yicha o‘qib, o‘rganish uchun imkoniyatlar yetarli bo‘ldi, – deydi muddatli harbiy xizmatchi Javohir Valiyev. – Imtiyozli tavsiyanomalar uchun o‘tkazilgan test sinovlari tayyorgarligimizni baholab beradi, albatta. Barcha talabgorlarga omad tilayman.
Test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan muddatli harbiy xizmatchilar imtiyozli tavsiyanomalarni qo‘lga kiritib, oliy o‘quv yurtlariga qo‘shimcha kvotalar orqali o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri