Atoqli adib Chingiz Aytmatov asarlari jahonda eng ko‘p o‘qiladigan yozuvchilar sirasiga kiradi. Uning asarlari odamlarni global muammolardan ogoh etish, ezgulikka, vijdon uyg‘oqligiga chorlashi bilan diqqatga sazovor. Shu sababli ustoz adibning asarlari O‘zbekistonda eng ko‘p nashr etiladi va mutolaa qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil yanvarda Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bandlarida ikki tomonlama adabiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga oid bir qator tadbirlar ko‘zda tutilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonga Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasining nufuzli vakillaridan iborat ijodkorlar delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mamlakatimizda milliy adabiyot rivojiga qaratilayotgan e’tibor O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining turli xorijiy mamlakatlar, qardosh ellarning shu kabi ijodiy tashkilotlari bilan hamkorligi tobora kengayishida muhim asos bo‘lmoqda.
Qardosh yurt ziyolilarining mamlakatimizga tashrifi ham ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam adabiy aloqalarning samarasidir.
Tashrif dasturida qator adabiy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, Chingiz Aytmatov ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan anjuman, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani qirg‘iz tilidagi nashri, o‘zbek tarjimonlari tomonidan ona tilimizga o‘girilgan qirg‘iz adabiyoti namunalari taqdimoti ko‘zda tutilgan.
Dastlab delegatsiya a’zolari Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo‘lishdi. Mamlakatimiz faol ijodkorlari bilan birgalikda poytaxtimizdagi Chingiz Aytmatov haykali poyiga gul qo‘yishdi.
Tashrif doirasidagi dastlabki tadbir – «Chingiz Aytmatov – turkiy olamning umumiy iftixori» xalqaro anjumani Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar avvalo universitetda tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
Anjumanda ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarning tobora kengroq tus olayotgani, Chingiz Aytmatov ijodi xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik timsoli ekani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, Chingiz Aytmatov asarlarida tarannum etilgan ezgulik g‘oyalari umrboqiy ekani, adib yaratgan xalqchil adabiy qahramonlar obrazlari butun turkiy xalqlar dunyoqarashi va xarakteri uchun xos ekani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonda taniqli qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning badiiy merosi yuqori baholanadi. Uning asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori bilan adib yubileyi keng nishonlandi. Poytaxtimiz markaziy ko‘chalaridan biriga uning nomi berildi va haykali o‘rnatildi. Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabga adib byusti o‘rnatildi. 2024 yilda Chingiz Aytmatovning 10 jildlik asarlar majmuasi nashr etildi. “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasida yozuvchi ijodiga alohida jild ajratilgan.
Anjumanda ishtirokchilar Chingiz Aytmatov ijodining olamshumul ahamiyati, adib asarlarining xalqchilligi haqida batafsil so‘zladilar. Anjumanda Chingiz Aytmatov tavalludining 100 yilligini jahon miqyosida nishonlash va 2028 yilni “Chingiz Aytmatov yili” deb atash to‘g‘risida BMTga taklif jo‘natish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilindi.
Mazkur nufuzli anjuman doirasida Roza Aytmatovaning “Xat keldi”, Qanibek Imonaliyevning “Qirg‘iznoma” kitoblari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Roza Aytmatova – Chingiz Aytmatovning singlisi bo‘lib, u o‘zining “Xat keldi” kitobida Aytmatovlar oilasining yana bir vakili – atoqli adibning ukasi Ilgiz Aytmatovning o‘smirlik yillariga bag‘ishlagan. Bu kitob atoqli yozuvchining o‘smirlik yillari haqida ma’lumot beruvchi qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
[gallery-22990]
Qanibek Imonaliyevning kitobi qirg‘iz xalqi mentalitetini, xarakterini ochib beruvchi qisqa hayotiy hikoyalardan iborat. Adib bu asar orqali qirg‘iz xalqi boshidan kechirgan tarixiy jarayonlarni haqqoniy tasvirlab, ularga insoniy, ruhiy va falsafiy nuqtai nazardan yondashgan. Muallif o‘z kitobida tarixiy voqealarni ijodiy qayta ishlab, ularni zamonaviy o‘quvchi dunyosiga yaqinlashtirgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar taniqli yozuvchi Nurali Qobul tomonidan ona tilimizga o‘girilib, Toshkentda chop etilgan ushbu ikki kitob o‘zbek adabiyotidagi tarjima asarlar xazinasini yanada boyitishiga ishonch bildirishdi.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA