Asal bayrami: ilgʻor gʻoyalar, samarali muloqot maydoni
Poytaxtimizdagi “Oʻzkoʻrgazmasavdo” markazida asal bayrami va asalarichilik mahsulotlari koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda.
Poytaxtimizdagi “Oʻzkoʻrgazmasavdo” markazida asal bayrami va asalarichilik mahsulotlari koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekiston asalarichilari uyushmasi, “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banki, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda 270 dan ortiq asalarichilik subyekti, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan asalarichilar qatnashmoqda.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 16-oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida uch yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan ushbu tadbirdan maqsad mamlakatimizda va qoʻshni davlatlarda faoliyat koʻrsatayotgan tajribali asalarichilar oʻrtasida oʻzaro muloqot maydonini yaratish orqali sohadagi yangiliklar va ilgʻor gʻoyalarni targʻib qilish, mahsulotlar xaridorgirligini taʼminlashdir.
Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatidan kelgan 68 yoshli Ahmadjon Mattarov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tahsinga loyiq ekanini aytdi.


– Bu bayramda ikkinchi bor qatnashayapman, – dedi A.Mattarov. – Tashkilotchilarga rahmat. Asalarichilarni birlashtirib shunday katta tadbir oʻtkazilayotganining oʻzi sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor namoyishidir. 35 yildan buyon shu kasb bilan mashgʻulman. Kam boʻlmadik – roʻzgʻorimiz obod, rizqimiz butun. Koʻrgazmada hamkasblarimizdan bilmaganimizni oʻrganib, tanishlar orttirayapmiz, ham mahsulotimizni sotayapmiz.
Oʻzbekistonda asalarichilik rivojlanib bormoqda. Bu jarayonda asal va asalarichilik mahsulotlarini eksport qilish hajmi ham ortmoqda. Oʻzbekiston asalarichilari uyushmasi oʻtgan yili “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga aʼzo boʻldi.


– Koʻrgazma-yarmarkada ishtirokchilar nafaqat asal, balki gul changi, propolis, ari suti, mum, asalari uyasi kabi tabiiy darmondori boʻlgan asalarichilik mahsulotlarini namoyish etmoqda, – dedi qoraqalpogʻistonlik asalarichi Choriboy Xolboyev. – Nukus tumanidagi “Sogʻinboy asalchi” fermer xoʻjaligida asal yetishtiramiz. Bugungi tadbirda qatnashishdan maqsad foyda koʻrish emas, aksincha, sohadagi yangiliklarni oʻrganish. Oʻzim ham yoshlarga asalchilik boʻyicha taʼlim beraman. Yoshlarning shu kasb bilan mashgʻul boʻlishini istayman. Qaniydi, asalarichilik oʻquvlari tashkil etilsa, sohaga innovatsion gʻoyalar targʻib qilinsa yanada yaxshi boʻlar edi.
Asal bayrami va asalarichilik mahsulotlari koʻrgazma-yarmarkasi 10-dekabrga qadar davom etadi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar 10 dan ortiq nominatsiya boʻyicha taqdirlanishi kutilmoqda.