Andijon viloyatining Asaka tumanida ijaraga berilgan va tomorqa yer maydonlarida “Kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyillari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, mazkur yo‘nalishga ilg‘or ish uslublarini joriy etish, xususan, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda tumandagi 13 mahallaning drayveri issiqxonachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, bu ish ortidan nafaqat mahsulot yetishtirish hajmi, balki aholining daromadlari ham ortib bormoqda.
Ayniqsa, erta bahordan Asakaning Axtachi, Devatagi, Obod, Otush mahallalaridan uzoq-yaqindan keluvchilarning qadami uzilmaydi. Chunki ushbu mahallalar asosan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, karam ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan eng ilg‘or mahallalar hisoblanadi. Shu bois ushbu mahallalardan Respublikamizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston va qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalaridan kelib ko‘chat olib ketadigan doimiy mijozlar bor. Umuman, Asakaning ushbu mahallalarini ko‘pchilik ko‘chatchilar mahallasi sifatida yaxshi biladi.
Mazkur mahallalardagi 85-90 foiz aholi xonadonlari tomorqasida issiqxonalar barpo etilgan. Aholi tomorqadan unumli foydalanish, xalqimiz dasturxonini issiqxonada pishib yetiladigan turli noz-ne’matlar bilan to‘ldirish, urug‘ va ko‘chat yetishtirish orqali ko‘p yillardan buyon katta daromad olib keladi. Mirishkor dehqon uchun yerdan qadrliroq va bebaho ne’mat yo‘q. Tomorqa sohibining samarali mehnati, intilishi, izlanish bilan nafaqat uning o‘zi, balki ko‘plar manfaat ko‘radi. Buni aynan asakalik mirishkor ko‘chatchilar faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
– Mahallamiz drayveri ko‘chatchilik hisoblanadi, – deydi Asaka tumani “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan hokim yordamchisi Abdulaziz Habibov. – Ayni kunda mahallamizdagi har bir oila tomorqadan unumli foydalanish hisobiga katta daromad oladi. Umuman, aholi tomorqasi hamda fuqarolarga dehqonchilik qilish uchun ajratilgan 15 sotixli yer maydonlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yetishtirilayotgan mahsulotlar xalqimiz dasturxonining mo‘l-ko‘lligini ta’minlayotgan bo‘lsa, pomidori, bodring, bulg‘or qalampiri, achchiq qalampir, baqlajon, karam ko‘chatlari viloyatimizdagi aholi xonadonlariga, fermer xo‘jaliklariga ekish uchun yetkazib berilmoqda.
Obod mahallasidagi mavjud mingdan ortiq xonadon hamda tadbirkorlarga tegishli 68,2 gektar tomorqaning 59 gektarida issiqxonalar mavjud. 922 ta xo‘jalikka tegishli ushbu issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayniqsa, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, karam, achchiq qalampir ko‘chatlarini yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Bundan tashqari, mirishkorlar yilning to‘rt faslida bozorni sifatli va servitamin pomidor, bodring, ziravor ko‘katlar bilan to‘ldirib keladi.
[gallery-22636]
– Oilaviy ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanamiz, – deydi Obod mahallasida yashovchi Bahodir Ergashev. – Umumiy maydoni 15 sotix bo‘lgan issiqxonada pomidor, bodring yetishtiramiz. Bugun fevral oyi o‘rtalarida ekilgan bodring hosilini sotyapmiz, mehnatimizga yarasha daromad olyapmiz. Yaqin kunlarda pomidori ham pishib yetiladi.
Ko‘chat yetishtirish juda nozik ish. Urug‘dan chiqqan ko‘chatlar salafan idishchalarga ekib chiqiladi. Ko‘chatlarga qarov, ishlov berishda har bir jarayon o‘z vaqtida bajarilishi, issiqxonaning harorati bir xil darajada ushlab turilishi kerak. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Mas’uliyat, e’tibor bilan tinimsiz mehnat qilish kerak. Shundagina ko‘chatlar sifatli, baquvvat, xaridori esa ko‘p bo‘ladi.
– Dehqonchilik bilan shug‘ullanib kam bo‘lmayapmiz, – deydi yosh oila sohiblari Feruzaxon va Ismatullo Jo‘rayev. – Ikki yildirki, ijaraga berilgan 15 sotix yer maydonida barpo etilgan issiqxonada bodring yetishtiramiz. Buning ortidan olayotgan daromadimiz turmushimizga baraka keltirmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mahalladagi issiqxonalarning deyarli barchasidan yiliga ikki, uch martadan hosil olish tajribasi shakllangan.
– 15 sotixli issiqxonada avval ismaloq yetishtirdik, – deydi Matlubaxon Boqiyeva. – Mart oyining boshlaridayoq, ismaloqni sotib tugatdik. Yerni bo‘shatib, o‘rniga bodiring ekdik. Ikkinchi hosil uchun ekilgan bodring ko‘chatlari durkun o‘smoqda, meva tugib qoldi. Nasib etsa, yaqin kunlarda hosilni bozorga chiqaramiz.
Eng asosiysi ishni samarali olib borish uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Mahallamizning o‘zida mineral o‘g‘itlar sotiladigan do‘kon ochilgan, zararkunandalarga qarshi kurashish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Asakaning Otush mahallasida esa 810 ta xonadon va tadbirkorlarga tegishli 56,6 gektar maydondagi issiqxonalarning aksariyatida yetishtirilgan ko‘chatlar hozirga qadar xaridorlarga yetkazib berildi. Ayni kunlarda issiqxonalarda ikkinchi hosil uchun ekilgan ko‘chatlar parvarish qilinmoqda, ko‘plab issiqxonalardan esa hosil olinmoqda.
Umuman, ushbu mahallalarda ko‘chat yetishtirishning haqiqiy bilimdoniga aylangan mirishkorlar juda ko‘p. Ayniqsa, Marufjon Mansurov, Alijon Ahmedov, Baxtiyorjon Ahmedov, Anvarjon Otabekov, Xolmurod Jumaboyev, Xolidaxon Ashurova, Saydullo Sodiqov, Abdumalik Muhammadjonov singari o‘nlab o‘z ishining ustalari borki, ularning olib borayotgan ishlari, tajribasiga barchaning havasi keladi.
Yuqoridagi mahallalarning qaysi bir ko‘chasiga, xonadoniga kirmang, issiqxonalarda yetishtirilayotgan biri biridan ko‘rkam ko‘chatlarni, pishayotgan bodring va pomidorlarni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.
Tuman hokimligi tashabbusi bilan “Asaka agro-star” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan har bir mahallada urug‘ va mineral o‘g‘itlar, zarur mini texnika vositalari hamda jihozlar savdo shoxobchalari, turli o‘simlik zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– Maqsadimiz dehqonlarga, issiqxona xo‘jaligi egalariga ko‘maklashish, – deydi “Asaka agro-star” MCHJ rahbari Dostonbek Abdunazarov. – Savdo shoxobchalarimiz orqali dehqonlarga plyonka, turli jihozlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, mutaxassislarimiz issiqxonalarni doimiy kuzatib, nazorat qilib boradi. Agar turli kasallik, zararkunandalar paydo bo‘lishi aniqlansa, bunga qarshi zudlik bilan choralar ko‘riladi.
Shuningdek, Otush mahallasida “Zamonaviy agrokompleks majmuasini amalga oshirish” loyihasi doirasida mahallalardagi issiqxona tashkil etish, mazkur yo‘nalishda dehqonchilik qilish istagidagi aholi vakillarini o‘qitish, ularda muayyan tajriba va ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha “Asaka tomorqachilik” maktabi o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, yer xazina, undan unumli va samarali foydalanilsa, insonga behisob ne’matlar, mehnatiga yarasha daromad keltiradi. Ayniqsa, o‘z tomorqasida issiqxona barpo etib, ko‘chat, poliz mahsulotlari yetishtirib, yiliga ikki-uch marta hosil olib, daromad topayotgan asakalik mirishkorlar mehnatiga har qancha tahsin aytsa arziydi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari