Asakada qarzdor otadan 105 mln. so‘m aliment pullari undirildi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilingan.
Mazkur hujjat bilan alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov taqdim etish asoslari belgilab berilgan.
Qaror ijrosi doirasida Asaka tumanida yashovchi ota farzandi uchun 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lashi kerak bo‘lgan aliment pulini avvaldan to‘lab qo‘ydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Sh.X.dan undiruvchi M.R.ning foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Majburiy ijro byurosining Asaka tuman bo‘limi xodimlarining tushuntirishlari natijasida farzandining moddiy ta’minoti va majburiyatini anglagan qarzdor farzandining 18 yoshgacha bo‘lgan aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda oldindan to‘lab berishini ma’lum qildi.
Byuroning davlat ijrochisi tomonidan hisoblab berilgan 105 mln. so‘m aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘i to‘liq olgandan so‘ng hujjatlar rasmiylashtirilib, qarzdor otaga nisbatan qo‘llanilgan barcha cheklovlar bekor qilindi.