Asaka tumanida ayollarga tikuv mashinalari berildi
Xalqaro qishloq ayollari kuni oldidan Asaka tumanidagi "Ayollar daftari", "Temir daftar" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 48 nafar xotin-qizga subsidiya asosida 76 ta tikuv mashinasi berildi.
“Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan Andijon viloyatida qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ozoda Parbiboyeva, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Abdullayeva ishtirokida tumandagi ehtiyojmand ayollarga tikuv mashinasi berilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.

– “Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan oylik doirasida tumandagi barcha mahallalarda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda, – deydi Asaka tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Dilfuzaxon Aliyeva. – Ana shu tadbirlar orqali qishloq ayollarining og‘irini yengil qilish, muammolarini bartaraf etish, o‘z hayotlaridan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga harakat qildik.
Tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi, mahallalarda faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari tashabbusi bilan subsidiya asosida opa-singillarimizga tikuv mashinalari berilishi bilan 48 nafar ishsiz, ehtiyojmand ayolning bandligi ta’minlandi.
– Uch nafar farzandim bor, ularni yolg‘iz voyaga yetkazyapman, – deydi Otush mahallasida yashovchi Shahzodaxon Miramatova. – Mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib, tirikchilik o‘tkazib kelaman. E’tibor tufayli men ham ikkita tikuv mashinasi oldim. Tikuvchilikdan xabarim bor. Endi shu hunar bilan shug‘ullanib, daromad topishga harakat qilaman. Qiynalib yashayotgan men kabi ayollarning o‘z hayotini yaxshilab olishlari uchun imkoniyat yaratib berayotgan yurtboshimizga, barcha yaxshi insonlarga rahmat.
Ana shu xayrli ish tufayli Asaka tumanida 48 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlanib, ularning doimiy daromad manbai shakllantirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA