Yillik avtomobil ishlab chiqarish quvvati 12 ming donani tashkil etuvchi Sirdaryo tumanidagi “Asaka Motors International” korxonasida sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jahongir Hotamov, soha xodimlari ishtirok etgan uchrashuvda bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq muammolar, uning oldini olish, tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash borasida qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb va muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Bojxona xodimlari tomonidan bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida, shuningdek, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi va “Eksport uch qadamda” tizimining afzalliklari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
[gallery-21764]
E’tiborli jihati, korxonada “Hyundai”, “Exeed” va “Wuling” rusumidagi 10 turdagi avtomobillar yig‘ilmoqda. Ushbu mashinalar yuqori sifatliligi, zamonaviy dizayni, shinamligi va qulayligi bilan nafaqat ichki, tashqi xaridorlarga ham ma’qul kelmoqda.
Ayni paytda 200 dan ziyod mutaxassis faoliyat olib borayotgan mazkur korxonaning yillik quvvati 12 mingtani tashkil etayotgan bo‘lsa, yil oxiriga borib korxonaning yillik quvvati 25 ming donaga chiqishi, korxonada ishlaydigan ishchilar soni 1,5 barobarga ko‘payib, 500 nafarga yetishi mumkin.
Ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning asosiy qismlari xorijiy kompaniyalardan import qilinayotganini hisobga olganda rasmiylashtiruv ishlari ko‘p jihatdan bojxona xizmatiga bog‘liq bo‘ladi.
O‘tkazilgan sayyor uchrashuvda ana shu jihatlarga ham e’tibor qaratilib, eksport va import operatsiyalari, uning rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq ishlar muhokama etildi, bojxona qonunchiligi, unda nazarda tutilgan yengilliklar to‘g‘risida fikr almashildi.
–“Asaka Motors International” korxonasida o‘tkazilgan sayyor uchrashuv har jihatdan qaralganda juda ham foydali bo‘ldi. Qolaversa, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada kengaytirish, eksport va import hajmini oshirishimizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq muammolar, masalalar muhokama etilib, soha xodimlaridan korxonamiz faoliyatini yanada kengaytish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish uchun zarur bo‘lgan foydali tavsiya va maslahatlarni oldik, —deydi “Asaka Motors International” korxonasi bosh texnologi Erkin Sodiqov.
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari