FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatdagi 20 ta markaziy dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 100 turdan ortiq kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarini bozordagidan o‘rtacha 25-30 foiz arzon narxda sotib olish mumkin.
20 dekabrdan boshlangan yarmarkalar faoliyati 5 yanvargacha davom etadi, - deydi Yozyovon tumani “Dehqon bozori” MCHJ rahbari o‘rinbosari Hakimjon Yo‘ldoshev. – Shu maqsadda tumandagi fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan shartnomalar imzolangan. Yangi yil yarmarkasiga 1 kilogramm mol go‘shti 70 ming so‘m, bir kilogramm baliq 20 ming so‘m, tuxumning donasi 1100 so‘mdan sotilmoqda.
[gallery-21106]
- Bugun tumanimiz markazida joylashgan dehqon bozoridan Yangi yil dasturxoni uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlarni arzon narxda sotib oldim, - deydi Azimjon Xudoyqulov. – Savdo rastalarida fermer va dehqon xo‘jaligi, ilg‘or tomorqachilar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar xaridorga manzur narxda taklif etilyapti. Mahsulotlar sifati yaxshi.
Ayni kunlarda Farg‘ona shahri markazidan tortib, viloyatning eng olis va uzoq mahallalarida ham bayram shukuhi kezmoqda. Bu har bir oila, hamyurtimiz qalbiga o‘zgacha surur baxsh etib, Yangi yilni ezgu niyatlar bilan kutib olishga chorlamoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA