Arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarish zanjiri yaratilgani dasturxonlar to‘kinligini ta’minlamoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Ro‘zg‘orimizdagi to‘kinlikni go‘sht, sut-qatiq va tuxumsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mo‘l-ko‘lchilik bevosita mana shu mahsulotlarning bozorlarimizdagi narxi va yetarliligi bilan o‘lchanadi.
Biz kundalik hayotda sotib oladigan bir kilogramm go‘sht yoki bir litr sutning ortida qanchadan-qancha mehnat, qanday katta islohotlar va davlat tomonidan ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar yotibdi.
Yurtdagi oziq-ovqat xavfsizligi va narx-navo barqarorligi ko‘p narsani belgilaydi. Bu har bir xonadonning kundalik byudjeti, farzandlarimizning sog‘lom o‘sishi va yurtimizdagi ijtimoiy xotirjamlik degani. Jahon tajribasiga nazar tashlasak, Avstraliya, Yangi Zelandiya yoki Niderlandiya kabi chorvachilik rivojlangan davlatlarda oziq-ovqat xavfsizligi aynan intensiv va klaster usulida chorva boqish orqali ta’minlangan. Ularda molni yaylovda shunchaki o‘tlatib qo‘yish usulidan voz kechilganiga ko‘p yillar bo‘lgan. Ilmiy asoslangan parvarish va nasldorlikni yaxshilash birinchi o‘ringa olib chiqilgan. Natijada kam ozuqa va vaqt sarflab, ikki baravar ko‘p mahsulot olishga erishilmoqda.
Bugun O‘zbekistonda ham aynan ana shunday ilg‘or xalqaro tajribaga tayangan holda chorvachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimi shakllantirilmoqda. Mamlakatimizda qabul qilingan tegishli hujjatlar asosida chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor hamda xo‘jaliklarni bevosita moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali mexanizmlar ishga tushirildi.

Masalan, xo‘jaliklarga nasldor chorva mollarini xarid qilishda davlat tomonidan subsidiyalar ajratilib, mahalliy naslchilik korxonalaridan sotib olingan har bir bosh qoramol uchun ma’lum miqdordagi summa qoplab berilmoqda.
Lekin tarmoqda faqat chorva sonini oshirish bilan ish bitmaydi. Unga yetarli ozuqa va zamonaviy texnologiya kerak. Shu bois, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘lari yo‘naltirilib, tadbirkorlarning istiqbolli investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda.
Chorvachilikning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida esa paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarining muayyan qismiga ozuqabop ekinlar ekilishi ta’minlandi. Ilgari chorvador uchun eng katta muammo yer va ozuqa tanqisligi edi. Endilikda ozuqa mahalliy sharoitda yetishtirilmoqda.
Sohadagi yana bir muhim bo‘g‘in inson omili va logistika sanaladi. Chorvachilikda zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan, sut sog‘ish va chorva agrotexnikasini biladigan malakali kadrlarsiz yuqori mahsuldorlikka erishib bo‘lmaydi. Shu sababli sohada malakali kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirishga e’tibor kuchaydi.
Tadbirkorning eng katta xarajatlaridan biri bo‘lgan logistika masalasi ham davlat e’tiboridan chetda qolmadi. Mahsulot yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida parrandachilik va chorvachilik mahsulotlari hamda ozuqa komponentlarini tashishda transport tariflariga imtiyozli chegirmalar berildi. Bu tadbirkorning logistika xarajatlarini sezilarli darajada yengillashtirib, iste’molchiga arzonroq va sifatli mahsulot yetib borishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Mana shunday tizimli davlat qo‘llab-quvvatlovi va yaratilgan imkoniyatlarning amaliy natijasini qayerda ko‘rishimiz mumkin? Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan “Namangan qo‘ychilik klasteri” bunga hayotiy misoldir.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi.
– Umumiy qiymati 35 million dollar bo‘lgan ushbu tashabbusimiz tuman hududidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida yo‘lga qo‘yildi, – deydi klaster rahbari Rustam Turg‘unov. – Loyihaning dastlabki bosqichi samarali tashkil etildi. Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qo‘y olib kelingan bo‘lsa, ikkinchi bosqich yakunida chorva sonini yana 35 ming boshga ko‘paytirish va umumiy sonini 50 ming boshga yetkazish rejalashtirilgan. Bu yerda yuqori mahsuldorlikka ega bo‘lgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Keling, ushbu klasterning texnologik ko‘rsatkichlari va raqamlariga chuqurroq nazar tashlaylik. An’anaviy chorvachilikda oddiy mahalliy qo‘y ma’lum vaznga yetishi uchun juda ko‘p vaqt, ozuqa va maydon talab etiladi. Agro-klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali go‘sht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Loyihaning texnologik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni bor-yo‘g‘i uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan.
Bu nimani anglatadi? Bu har bir bosh qo‘ydan 60-70 kilogrammgacha sof go‘sht olish demakdir. Matematikasi oddiy. An’anaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlik 45-50 foizga oshadi. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushganidan so‘ng birgina Namangan viloyatida yiliga 35-40 ming tonna sifatli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi. Bu bozorlarimizga kirib boradigan minglab tonna sifatli go‘sht, narx-navoning barqarorligi kafolati sanaladi.
Klasterning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yana bir katta ahamiyati bor. Majmuada 280 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi hamda 95 ta kambag‘al oila vakillarining bandligi ta’minlanishi mahalliy aholi farovonligini oshirishga bevosita xizmat qiladi. Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati aynan shunday manzilli va aniq loyihalar orqali amalga oshadi. Oila boshlig‘i munosib maoshga ega bo‘lsa, uning oilasida qut-baraka bo‘ladi.

Shuningdek, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalari barpo etilmoqda. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi. Ya’ni “daladan-dasturxongacha” bo‘lgan bu zanjir oradagi asossiz vositachilarni chiqarib tashlaydi. Bu o‘z-o‘zidan go‘sht va sut mahsulotlarining iste’molchiga eng maqbul va arzon narxlarda yetib borishini ta’minlaydi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning iyun oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu korxona faoliyati bilan ham bevosita tanishgan edi. Davlat rahbari mazkur tajriba chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi bandligini oshirishda g‘oyat foydali ekanini alohida qayd etgandi. Prezident ushbu To‘raqo‘rg‘on tajribasini butun mamlakat bo‘ylab ommalashtirish bo‘yicha muhim topshiriq berdi.
Nega bu tajribani butun mamlakatga yoyish zarur? Chunki O‘zbekiston aholisi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Aholi sonining ko‘payishi oziq-ovqat, ayniqsa, oqsilga boy go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabni tabiiy ravishda oshiradi. Agar biz chorvachilikni eskicha, tarqoq usulda yuritishda davom etsak natija kutilganidek bo‘lmaydi. Bu tajriba esa cheklangan maydonda ham ilm, zamonaviy gen-injeneriya, intensiv boqish va to‘g‘ri klaster tizimi evaziga qanday qilib yuqori mahsuldorlikka erishish mumkinligini ko‘rsatib berdi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri