Arxiv xizmati xodimlari Termizda jam boʻldi
Termiz shahrida joriy yil 5-6-noyabr kunlari Oʻzbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil topganining 100-yilligining bayram tadbirlari boʻlib oʻtadi.
Termiz shahrida joriy yil 5-6-noyabr kunlari Oʻzbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil topganining 100-yilligining bayram tadbirlari boʻlib oʻtadi.
Shu munosabat bilan Termiz shahrida “Oʻzarxiv” agentligi va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi. “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston milliy arxivlari, arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda arxivlar ishini yanada takomillashtirishga alohida etibor qaratilayotgani takidlandi. Joylarda barcha sharoitlarga ega yangi binolar qurilib, malakali mutaxassislar bilan mustahkamlanayotgani va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanayotgani qayd etildi.
Prezidentimizning 2019-yil 20-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlayotir.
Anjumanda “Oʻzarxiv”agentligi direktori U.Yusupov, Fanlar akademiyasi tarix instituti direktori oʻrinbosari, tarix fanlari doktori N.Mustafayevalar mamlakatimiz arxivi tarixi, arxiv tizimining vazifalari, mustaqillikkacha boʻlgan holati va endilikda sohada yuz berayotgan beqiyos oʻzgarishlar hamda kutilayotgan yangilanishlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.
Vohada oʻtkaziladigan tadbirlar doirasida viloyat davlat arxivi yangi binosining tantanali ochilish va ISO-37001-sertifikatini topshirish marosimlari boʻlib oʻtadi.
“Media maydonda tarixiy tadqiqotlar va arxivshunoslik integratsiyasi” mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy anjumanda dunyoning oʻnga yaqin davlatidan mutaxassis va olimlar ishtirok etadi. Mehmonlar Sherobod tumani davlat arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Termiz shahridagi Sanat saroyida Oʻzbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil topganining 100-yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilish va sanat ustalari hamda yosh ijrochilar ishtirokida badiiy dastur namoyish etiladi. Mintaqamizda yagona Termiz arxeologiya muzeyi va tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, xorijlik hamkasblar bilan memarandumlar imzolanib, xalqaro ilmiy konferensiya yakunida tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.