Arxiv muassasalari faoliyati o‘rganildi
Tarixiy hujjat, nodir qo‘lyozmalar, idora va shaxsiy hujjatlarni jamlash, uni bus-butunligicha saqlash davlat arxivi, unda ishlayotgan soha xodimlaridan katta mas’uliyatni talab etadi.
“O‘zarxiv” agentligi va agentlikning Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tizimdagi muassasalarga press-tur tashkil etildi va unda soha faoliyati haqida so‘z yuritildi. Press-tur ishtirokchilari Sirdaryo viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasida bo‘lib, agentlikning matbuot kotibi Anvarjon Aliyev, hududiy boshqarma boshlig‘i Sherzod Normatov va boshqa xodimlar hamrohligida hududiy boshqarma, uning bo‘limlarida saqlanayotgan foto va hujjatlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ishtirokchilarga Sirdaryo viloyat davlat arxivi saqlovida bo‘lgan hujjatlarni restavratsiya qilish, ta’mirlash va texnik ishlov berish jarayonlari, ta’mirlashda ishlatiladigan xomashyolar, dastgohlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

– Viloyatda faoliyat yuritayotgan 8 ta muassasamizda jami 717 ming 420 ta saqlov birligidagi arxiv hujjati bo‘lib, shundan 480 ming 859 tasi boshqaruv hujjati, 217 ming 970 tasi shaxsiy tarkib hujjati, 18 ming 591 tasi saqlov birligida shaxsiy kelib chiqish hujjati hisoblanadi, –deydi hududiy boshqarma boshlig‘i Sherali Normatov. – Eng muhimi, viloyatdagi arxiv muassasalarda saqlanayotgan milliy arxiv fondiga tegishli boshqaruv hujjatlarining 380 ming 455 tasi sobiq ittifoq davriga oid, 336 ming 965 tasi mustaqillik davriga oid davlat arxivi hujjatlari hisoblanib, shundan 9 ming 298 tasi alohida qimmatli hujjatlar hisoblanadi.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilariga Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 sentyabrdagi “Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror, unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berildi.

–Davlatimiz rahbarining e’tibori tufayli bugungi kunda “O‘zarxiv” agentlikning hududiy qiyofasi o‘zgartirildi, ishchi-xizmatchilar uchun munosib shart-sharoit yaratildi, uning hududiy bo‘linmalarining moddiy-texnik imkoniyati boyitildi, – deydi “O‘zarxiv” agentlikning matbuot kotibi Anvarjon Aliyev. – Birgina Sirdaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi, boshqarma tasarrufidagi Boyovut, Sardoba, Xovos, Sayxunobod tumanlari va Shirin shahar bo‘limlari ma’muriy binolari 2016 yilga qadar qaytadan qurilib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Yangiyer shahar, Sirdaryo va Guliston tumanlari bo‘limlari, hududiy boshqarma binosi yangidan qurildi. Bu esa, arxiv ishini yanada takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish ko‘lamini oshirish imkonini bermoqda.

Eng muhimi, ana shu ishlar samarasida o‘tgan yili Sirdaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 1 milliard 370 million so‘mlik pullik xizmat ko‘rsatildi. Bu boradagi topshiriq 248 foizga uddalandi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri