Davlatobod tumanidagi madaniyat markazi binosida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan Namangan viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida arxiv tizimida yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi.
Respublika Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktorining o‘rinbosari Sherzod Sodiqov ta’kidlab o‘tganidek, bugungi kunda agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan jami xodimlarning 483 nafari yoshlardan iborat. Ular orasida 268 nafari ayol-qiz, 203 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis ekanligi o‘zaro raqobatbardoshlik va sifatni oshishiga turtki beradi.
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash davlat siyosatida ustuvorlik kasb etayotganligidan kelib chiqqan holda, o‘tgan o‘quv yili uchun “O‘zarxiv” agentligi direktori tavsiyanomasi asosida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 27 nafar arxiv xodimi talabalikka tavsiya etilib, sinov imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilindi.

Arxiv tizimining 40 nafar xodimi ilg‘or axborot kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillari, xususan ingliz tili bo‘yicha “Ibrat farzandlari” onlayn platformasida o‘qishi uchun zarur shart-sharoiyatlar yaratildi.
Yosh mutaxassislarning huquqiy va shaxsiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy ongi hamda sohaga oid bilimlarini oshirish “Arxiv malikalari” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, unga ellikta ayol-qizlar qamrab olindi. Arxivchi yoshlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari an’vnaviy ravishda tashkil etib kelinmoqda.

Quvonarlisi, yosh kadrlarning xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Fransiya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Qozog‘iston davlatlariga iqtidorli xodimlar har yili yuboriladi. Joriy yiling o‘zida uchta xalqaro, beshta respublika konferensiyalarida 50 dan ortiq yosh arxivchilar faol ishtirok etdi. Ayni kunlarda esa bir guruh yoshlar Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Yosh arxivchilar xalqaro lageri”da bilim va malakasini mustahkamlamoqda.
Shuningdek, Namangan viloyatida respublika “Yosh arxivchilar forumi – 2025” tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan. Uning doirasida, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida “Agentlik direktori kubogi – 2025” final bosqichi, “Ayollar soportakiadasi”, erkaklar o‘rtasida “Agentlik shohsupasi” shaxmat musobaqasi singari bir qator sport musobaqalari uyushtiriladi.
Shu bilan birga ertamiz egalarini madaniy hordiq chiqarishlari va ziyorat turizmni rivojlantirish maqsadida 64-Xalqaro “Gullar festivali”ga tashrifi ham rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA