
O‘zbekistonda ilk marotaba "Arxeologiya bog‘i"ni tashkil etish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Hozirda loyihani moliyalashtirish masalalari hal etilmoqda. Qayd etilishicha, mazkur arxeologiya bog‘i turizm, ayniqsa, ilmiy va ta’lim turizmi oqimini oshirishga xizmat qiladi. Bu orqali odatda chetlab o‘tiladigan hududlarga sayyohlarni jalb qilish rejalashtirilgan.
Bu yuzasidan bugun, 6 may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi. Tadbirda O‘zR FA rahbariyati va xodimlari, olimlar hamda OAV ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida mamlakatimizning ilm-fan sohasidagi so‘nggi natijalar, istiqboldagi loyihalar hamda xalqaro hamkorliklar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, hozirda akademiya tizimida 49 ta ilmiy muassasa va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular qatorida 3 ta mintaqaviy bo‘lim, 32 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi, 3 ta muzey va Radioastronomik observatoriya mavjud. 5343 nafar xodimlardan 2 834 nafarini ilmiy xodimlar tashkil etadi. Shu kunga qadar, O‘zR FAda olimlar tomonidan bir qator ilmiy kashfiyotlarga qo‘l urilgan va ijobiy natijalarga erishilgan.
Xususan, 2024 yil samarali va ilmiy tadqiqotlarag boy yil bo‘lgani ta’kidlandi: 2127 ta ilmiy maqola, 855 ta Scopus va WoS bazalarida, 208 ta monografiya va 84 ta patent ro‘yxatga olingan. Zomin tog‘larida o‘zbekistonlik va amerikalik arxeologlar tomonidan topilgan qadimiy shaharlar haqidagi maqola "Nature" jurnalida chop etilib, dunyo OAVlarida keng yoritilgan.
Bundan tashqari, bir qator amaliy loyihalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirilgan: biopreparatlar va diagnostikumlar ishlab chiqilgan, genetik pasportlash va elektron texnik xaritalash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. 13 ming qo‘lyozma asarni o‘z ichiga olgan veb-katalog va "O‘zbekiston san’ati tarixi" kabi yirik nashrlar chop etilgan.
[gallery-23193]
O‘zR FA olimlari ilm borasida xalqaro maydonda ham e’tirofga sazovor bo‘lmoqdalar. Bugungi kunda akademiya 20 dan ortiq mamlakatlar va tashkilotlar, jumladan YUNESKO, MAGATE, TWAS bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston-Xitoy markazi, Koreya bilan dori vositalarini tashishdagi yangi texnologiyalar, AQSH bilan arxeologiya sohasidagi izlanishlari bunga yaqqol misoldir...
Matbuot anjumanida shuningdek, istiqbolli rejalar borasida ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, O‘zR FA kelgusida oliy ta’limdan keyingi ta’limni kengaytirish, xalqaro jurnallarda chiqishlar sonini ko‘paytirish va ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish kabi yo‘nalishlarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Shuningdek, arxeologiya yo‘nalishlarida ham olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudovning ta’kidlashicha, bugungi kunda Fanlar akademiyasiga qarashli Milliy arxeologiya markazi 30 dan ortiq yo‘nalishda ilmiy ishlarni olib bormoqda. Ulardan taxminan 10 tasi turli xalqlar va ularning madaniyatlariga oid olib borilayotgan tadqiqotlardir.
Bu tadqiqotlar natijasida muhim natijalar qo‘lga kiritilgan. Xususan, O‘zbekistonda birinchi marta "Arxeologiya bog‘i"ni tashkil etish g‘oyasi ilgari surilib, ayni paytda loyihani moliyalashtirish masalalari hal etilmoqda. Qayd etilishicha, mazkur arxeologiya bog‘i turizm, ayniqsa, ilmiy va ta’lim turizmi oqimini oshirishga xizmat qiladi. Bu orqali odatda chetlab o‘tiladigan hududlarga sayyohlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
"Masalan, aksar sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xivaga borishni xohlaydi. Lekin Farg‘ona vodiysi kabi hududlar e’tibordan chetda qolib ketmoqda. Shu bois, Farg‘ona vodiysida turizmni rivojlantirish, tarixiy merosni asrab-avaylash maqsad qilib olingan.
U yerdagi nodir arxeologik topilmalar tadqiqot ishlariga, muzey faoliyatiga jalb etiladi. Bu hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar 3–4 yil davomida o‘z samarasini berishi kutilmoqda", – deydi, Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov
Qayd etish joiz, ilm-fan – jamiyat taraqqiyotining muhim ustuni va uning har bir yutug‘i hayotimizga beqiyos o‘zgarishlarni ulashishi muqarrardir.
M.Eshmirzayeva, O.Pardayev, O‘zA