«Artel” va Adju universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi
«Artel electronics” kompaniyasi hamda Koreyaning yetakchi universitetlaridan biri Adju universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Unda «Artel” korxonalar guruhi Boshqaruvi raisi Qobil Toshmuhammedov, bosh koordinator o‘rinbosari O‘ktam Ablaqulov, universitet rektori Gayrat Muratov, birinchi prorektor Lim Djey Ik hamda universitet o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
– Ushbu memorandum doirasida «Artel” kompaniyasi rahbariyati bilan bir qancha suhbatlar olib bordik. Dedi universitet rektori G. Muratov.
– Nima qilsak talabalar uchun yaxshi bo‘ladi, qanday harakatlarimiz ularga yetarlicha imkoniyat yaratadi, qolaversa, ularga nazariy bilim bilan bir qatorda amaliyot o‘tash joyining muhimligi haqida ham fikrlashdik. Bizning takliflarimizni «Artel” kompaniyasi rahbariyati juda iliq qabul qildi. Kecha kompaniyaning ishlab chiqarish zavodiga sayohat uyushtirdik. Zamonaviy texnikalarning yuqori malakali mutaxassislar tomonidan boshqarilayotgani bizni quvontirdi. O‘ylaymizki, tez orada ular safiga bizning talabalar ham qo‘shiladi.
Shuningdek, kompaniya universitet bilan fan, texnika va texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi asosida ishlaydi. Bundan tashqari oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashda elektrotexnika va maishiy texnika tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish maqsad qilinmoqda. Ma’lumki, Adju universiteti malakali injenerlarni yetishtirib chiqarishda yetakchilik qiladi.

Qolaversa, memorandum doirasida Adju universitetining tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni 2-kursdan boshlab «Artel” korxonalar guruhining muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda o‘tkazilishi hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish va kelgusidagi ijtimoiy-huquqiy himoyasi kafolatlari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ushbu hamkorlik asosida universitetda o‘qitishning zamonaviy shakllari va metodlarini, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va ishlab chiqarish jarayonlarini simulyatsiya qiluvchi dasturlarni vosita sifatida qo‘llash ta’lim jarayoniga keng ko‘lamda joriy etiladi.
Bundan tashqari ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirish uchun hamkorlikda ilmiy maqolalar tayyorlash va ularni nashr qilish, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
D. Mamatova, O‘zA