Arnasoyliklar tanqiddan qanday xulosa chiqardi?
O‘zA saytida joriy yil 13 yanvarda “Arnasoyda muammolar yetarlicha” sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgan edi. Tanqid ostiga olingan kamchilik va muammolardan tuman mutasaddilari qanday xulosa chiqarganini o‘rganish maqsadida shu mavzuga yana qaytdik.
E’tirof etish joizki, tumandagi nafaqat tanqid qilingan mahalla fuqarolar yig‘inlari, balki barcha aholi yashash joylarida ko‘p qavatli uylar atrofi, yo‘lak va ko‘chalar obodonlashtirilib, ariq va lotoklarda to‘planib qolgan turli maishiy, qurilish va boshqa chiqindilarni tozalash ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Tuman markaziy dehqon bozorini kapital ta’mirlash ishlari ham qat’iy nazoratga olinib, bozor atrofida to‘planib qolgan chiqindilar maxsus texnikalar yordamida belgilangan joyga chiqarilib,xavfsizlantirilgan.
[gallery-21433]
“G‘oliblar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uy-joylar texnologik ofatlarning oldini olish maqsadida aholi tomonidan yig‘ilgan badal pullari hisobiga uy-joylarning tom qismi joriy ta’mirdan chiqarilganligi bois, 2025 yilda tashqi devorlarni joriy ta’mirlash, kirish yo‘laklarining shift qismlari va uylar atrofidagi tungi yoritish chiroqlarini ta’mirlash ishlari rejasi ishlab chiqilgan va bu boradagi ishlar boshlab yuborilgani albatta quvonarli hol.
Tanqidiy maqolamizda shu mahallaning Toshkent ko‘chasidagi 14-ko‘p qavatli uyning poydevor qismi ta’mirtalab bo‘lib qolganligi qayd etilgan edi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan quruvchilar uy poydevorini ta’mirlab, beton quyish ishlarini amalga oshirmoqda. Mahalladagi 9- va 10-ko‘p qavatli uylar oldidagi kanalizatsiya tizimidagi nosozlik bartaraf etilib, uylar atrofiga ekilgan daraxt ko‘chatlarini sug‘orish choralari ko‘rilgani tahsinga loyiq.
“G‘oliblar” MFYning mahalla binosi yonginasidagi ikki qavatli uylar atrofi ham obodonlashtirilib, to‘planib qolgan chiqindi suvlar chiqarib tashlangan va kanalizatsiya tizimidagi muammoni bartaraf etish rejasi ishlab chiqilib, mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan.
Tanqidiy maqolada Arnasoy va Zafarobod tumanlarini bog‘lovchi avtomobil yo‘lining abgor holatga kelib qolganligi ta’kidlangan edi.Tuman hokimligi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu avtomobil yo‘lini joriy ta’mirlash chora-tadbirlari 2025 yil dasturiga kiritilishi rejalashtirilibdi.
Tumandagi “Zarafshon” MFYda “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha” va “Obod xonodon”davlat dasturi doirasida joriy yilda qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilibdi va mahalladagi barcha ijtimoiy ob’ektlar, bolalar o‘yingohlari, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti, ichki yo‘llar va piyodalar yo‘laklari, ko‘p qavatli uy-joylar hamda ulardagi kanalizatsiya tizimlarini ta’mirlash ishlari erta bahorni kutmay, havoning ochiq kunlaridan foydalanib boshlab yuborilgani ayni muddao bo‘libdi.
Tumandagi tabiiy gaz yetib bormaydigan mahallalardan biri bo‘lgan “Zarafshon”MFY aholisi suyultirilgan gaz ballonlariga o‘tganligi bois, “Arnasoytumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan jadval rejasi asosida bu hududdagi xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlari kerakli miqdorda yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, G‘afur G‘ulom mahallasi hududidagi chiqindi to‘plash joyi ham Arnasoy tumani “Aydar Ekosfera” MCHJ korxonasi tomonidan tozalanib, obodonlashtirish ishlari olib borilibdi.
Tuman hokimligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, maqolada tanqid ostiga olingan ba’zi kamchilik va muammolarni bartaraf etish vaqt va ob-havo qulayligini talab qilganligi bois, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Muxtasar qilib aytganda, arnasoyliklar tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kamchiliklarni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratishmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari