Arnasoyda 229 ta fermer – “Fermerlar maktabi”ni bitirdi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi “Fermerlar maktabi”da tuman fermer, dexqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari hamda O‘zLiDeP tuman kengashlari hamkorligida tashkil etilgan fermer xo‘jaliklarining rahbar va ishchi-xodimlari uchun navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
Mukammal bilim va ulkan tajribaga ega bo‘lgan agranom va qishloq xo‘jaligining yetuk mutaxassislari tomonidan o‘tilayotgan dars mashg‘ulotlari o‘quv kurslarida tumanda faoliyat yuritayotgan 120 nafar fermer xo‘jaliklarining rahbar va ishchi xodimlari ishtirok etmoqda.

– Men tumanimizdagi ushbu “Fermerlar maktabi” ning ilk bitiruvchilaridan biriman, – deydi “Yangi diyor dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari S.Aliqulov. – Xo‘jaligimiz paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan. Mazkur o‘quv kursalari davomida olgan bilim va ko‘nikmalarim men kabi yosh fermerlar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlagan bo‘lar edim. G‘allachilikda ham, paxtachilikda ham belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, belgilangan me’yorda amalga oshirish – hosildorlikni kutganingizdek bo‘lishida juda katta ahamiyat kasb etadi. Bugun-erta g‘allamizga o‘roq tushadi. Belgilangan o‘rim otryadlari allaqachon g‘alla maydonlariga olib chiqildi. Har gektardan kamida 70 sentnerdan don olishni ko‘zlayapmiz. G‘o‘za nihollarimizning avji ham juda yaxshi, hademay qiyg‘os gullaydi, ko‘z tegmasin. Bularning barchasi, ushbu maktabda olgan bilimlarimizning samarasi, deb o‘ylayman.

Darvoqe, bugungi kunga qadar Arnasoy tumanida 229 nafar fermer xo‘jaligi rahbarlari “Fermerlar maktabi”da o‘qib, maxsus sertifikatlarga ega bo‘lgan. Tashkil etilgan o‘quv kurslaridagi dars mashg‘ulotlari “Fermerlar maktabi”ning malakali mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA