Armrestling: “Dolzarb 90 kun”dagi musobaqalar sport bayramiga aylanmoqda
Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, sport klublari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash orqali ommaviy sport harakatini kengaytirishga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash borasida hududlarda bir qator sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Birgina O‘zbekiston armrestling federatsiyasi tomonidan yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni kashf etish va sog‘lom turmush tarzini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tayotgan yilning 6 oyi davomida hududlarda 20 ga yaqin sport klublari tashkil etilib, “Dolzarb 90 kun” doirasida mahallalarda, bolalar oromgohlarida, istirohat bog‘larida armrestling bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.
Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining «Gul» mahalla fuqarolar yig‘inida armrestling va para-armrestling bo‘yicha “SHERZODARM” sport klubi sovrini uchun o‘tkazilgan respublika turniri yoshlar uchun katta sinov, aholi vakillari uchun chinakam sport bayrami ko‘rinishini oldi.

– Sport harakatini, xususan qo‘l bilan kuch sinashadigan armrestling sport turini yanada ommalashtirish bo‘yicha ko‘plab musobaqalar o‘tkazildiki, bu, iqtidorli yoshlarni saralash bilan birga odamlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng yoyishga xizmat qilmoqda. Birgina “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davomida ming-minglab yoshlar, imkoniyati cheklangan insonlar ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olindi, – deydi O‘zbekiston armrestling federatsiyasi rahbari Qurbon Qonoshev.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan mahoratli sportchi va para-sportchilar, havaskorlar ishtirok etgan musobaqalar yakunida Lazizbek Avazbekov, Umid Jaksiboyev, Abdulla Abdumo‘minov, Jengisbek Suyarov, Muhriddin Abduxoliqov, Asilbek Mirzaxmatov singari sportchilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan medallar, diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA