Davlatning taraqqiy etishi va qudrati yuksalishida yoshlar hal qiluvchi kuch hisoblanadi.
Bu hayotiy xulosa Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning “Vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma’naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi”, degan fikrlari bilan hamohangdir.
Shuning uchun ham davlatimiz rahbari har bir chiqishlarida yoshlar ta’limi va tarbiyasiga jiddiy urg‘u berib, bu borada barchani bir yoqadan bosh chiqarib ish olib borishga undaydi.
Yangi O‘zbekistonda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, yuksak ma’naviyatli, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan ishlar amalga oshirilib, ularga barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.


Qurolli Kuchlarimiz safini butlashning mutlaqo yangi tartibi joriy etilgani natijasida armiya saflariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, yuksak axloqiy-ma’naviy fazilatlarga ega o‘g‘lonlar kirib kelmoqda.

Belgilangan chora-tadbirlar, izchil islohotlar Qurolli Kuchlarimizning jangovar kuch va imkoniyatlarini oshirib, armiyamizning bugungi qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Aholi o‘rtasida harbiy xizmatning obro‘-e’tibori ko‘tarilib, armiyada xizmat qilish shon-sharaf ishiga aylandi.
Joriy yilning 12 yanvar kuni Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlat rahbari Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga 4 million nafar yoshni otaliqqa olib, ular bilan manzilli ishlash topshirig‘ini qo‘ygan edi.

Bunga muvofiq, Mudofaa vazirligiga respublikamiz bo‘yicha birinchi sektorlar kesimida 2 ming 547 ta mahalladan 1 million nafar o‘smir biriktirildi. Otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlarni tashkil etish uchun hududiy shtablar tuzilib, yakka tartibdagi ishlarni tashkil etishga 4 ming 791 nafar harbiy xizmatchi tayinlandi. Ular joylarda yoshlar bilan uchrashib, rejali ravishda yakka tartibdagi tarbiyaviy ishlar, muammolarni o‘rganish, ma’naviy-ma’rifiy, harbiy-vatanparvarlik, sport va huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Alohida e’tiborga muhtoj og‘ir toifaga, jinoyatchilikka moyil, ishsiz, migratsiyadagi yoshlar, talabalar, o‘quvchi-yoshlar kabi 7 toifaga ajratilgan yoshlarning har biri bilan alohida ish olib borildi. Xususan, alohida e’tiborga muhtoj va jinoyatchilikka moyil yoshlarga huquqiy yordam ko‘rsatilib, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashildi. Xorijdagi yoshlar, talaba va o‘quvchilar bilan samimiy muloqotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Aniq raqamlarga ko‘ra, yoshlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, kredit, subsidiya olish, moddiy yordam ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda yil boshidan 79 ming 76 ta turli muammolar aniqlanib, ularning 33 ming 508 tasi o‘z yechimini topdi. Jumladan, 14 ming 480 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, 3 ming 194 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, yana 3 ming 32 nafariga kredit rasmiylashtirilishiga yordam berildi. 1 ming 757 nafar yoshga moddiy yordam ko‘rsatildi, 1 ming 113 nafar yoshga esa subsidiya berilishiga ko‘maklashildi. 9 ming 931 ta boshqa yo‘nalishlardagi muammolari bartaraf etildi.
2024 yil mobaynida “Armiya – vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini 56 marotaba o‘tkazildi. Unga jami bo‘lib, uyushmagan, tarbiyasi og‘ir va profilaktik hisobda turuvchi 5 ming 600 nafar yosh qamrab olindi. Ular bilan o‘tkazilgan kasb mashg‘ulotlari, sport musobaqalari, psixologik treninglar, dam olish tadbirlari qat’iy harbiy intizom asosida tashkillashtirilgani yoshlar ruhiyatiga ijobiy ta’sir etdi.
Qo‘shinlarda tashkil etilgan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur tematik sinflari, muzeylarda o‘tkazilgan suhbat va uchrashuvlar, tarbiyasi og‘ir, jinoyat sodir etishga moyil yoshlar bilan harbiy qism va poligonlarda davom etgan “Harbiy qismda bir kun”, “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari va boshqalar o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatdi.
Mahalla va ta’lim muassasalarida “Mard askar yoshlarga namuna” shiori ostida harbiy-texnika va qurol-aslahalar namoyishi, harbiy xizmatchilarning chiqishlarini o‘z ichiga olgan harbiy-vatanparvarlik karvonlari, “Men g‘olib!”, “Sog‘lom hayot uchun!” harbiy-sport musobaqalari ham yoshlar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.
Jonajon vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida Mudofaa vazirligi kubogi uchun harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalar, mahalla yoshlari o‘rtasida “Mardlar safidaman!” harbiy-vatanparvarlik qo‘shiq tanlovi ham ijodkor yoshlar orzu umidlarini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan holdauch bosqichda o‘tkazilgan “Mudofaa vazirligi kubogi uchun harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqa”sida 30 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Mudofaa vazirligi kubogi uchun harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqa”sining respublika bosqichi yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Yangi avlod” jamoasi, ikkinchi o‘rinni Navoiy viloyatining “Qalqon” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Sirdaryo viloyatining “Elparvar” jamoasi egalladi.
O‘quvchi-yoshlarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini shakllantirish hamda ular qalbida harbiy xizmat va kasbga nisbatan hurmatni, intilishni uyg‘otishga qaratilgan bu kabi tadbirlar mamlakat yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimi, deya e’tirof etildi.
Hasan XALILOV,
Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy
ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i
polkovnik.
O‘zA