“ArMI – 2022” musobaqalariga Forishda start berildi
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari “ArMI – 2022” VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yo‘nalishida ishtirok etmoqda.
34 ta yo‘nalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 257 ta jamoa o‘zaro bellashmoqda.
Xususan, mamlakatimiz ilk bor musobaqalarning 5 ta yo‘nalishiga mezbonlik qilmoqda. Jizzaxdagi “Forish” poligonida “Dala oshxonasi” va “Qurolsoz usta” musobaqalari, Samarqanddagi “Sazag‘on” poligonida “Xavfsiz muhit”, Sharqiy harbiy okrugda “Yo‘l patruli” va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Sodiq do‘st” musobaqasi o‘tkazilmoqda.
Ayni kunlarda barcha jamoalar belgilangan manzillarga yetib borib, o‘zlariga biriktirilgan harbiy texnika va qurol-aslahalarni qabul qilib olgan holda tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshlagan. Bugun Jizzax viloyatining Forish tumanidagi harbiy tog‘ poligonida “ArMI – 2022” harbiy o‘yinlari doirasida “Qurolsoz usta” va “Dala oshxonasi” tanlovlariga start berildi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi kech soat 19:00 da o‘tishi rejalashtirilgan.
Dastlab matbuot anjumani tashkil etildi. Mudofaa vaziri maslahatchisi, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i, polkovnik Otabek Yo‘ldoshev va hakamlar hay’ati tadbir ishtirokchilarini “ArMI – 2022” xalqaro armiya o‘yinlari musobaqasi nizom va tartibi, o‘tish vaqtlari va joyi bilan atroflicha tanishtirdi. So‘nggi yillarda tinchlik va osoyishtalik, barqaror taraqqiyotni ta’minlash vazifasini bajarayotgan milliy armiyamiz kuch-qudrati va salohiyati ortib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli yanada rivojlanib bormoqda. Bu jarayonda tinimsiz mashg‘ulotlarda yuksak kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘layotgan harbiy xizmatchilarimiz esa O‘zbekiston armiyasi xalqaro poligon va maydonlarda nelarga qodir ekanliklarini amalda namoyon etmoqda. Bunga yaqqol misol etib harbiy xizmatchilarimiz ishtirokidagi Xalqaro armiya o‘yinlarini keltirishimiz mumkin.
Milliy armiyamizning kuch-qudrati va salohiyati, yurt himoyachilarining jangovar shayligi va kasbiy tayyorgarligini amalda yaqqol namoyon etadigan “ArMI-2022” xalqaro armiya o‘yinlari joriy yilning 13 avgustidan 27 avgustiga qadar dunyoning 12 ta davlati hududida o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bu yil mazkur VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yo‘nalishida ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz hududida ilk bor musobaqalarning 5 ta yo‘nalishi bo‘lib o‘tmoqda. Jizzaxdagi “Forish” poligonida “Dala oshxonasi” va “Qurolsoz usta” musobaqalari, Samarqanddagi “Sazag‘on” poligonida “Xavfsiz muhit”, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida “Yo‘l patruli” va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Sodiq do‘st” musobaqalari o‘tkaziladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari Rossiya Federatsiyasi hududida o‘tkazilayotgan “Elbrus xalqasi”, “Avtozirhli tank – texnika ustasi”, “Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi”, “Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Harbiy ralli”, “Muhandis formulasi” musobaqalarida, Mo‘g‘ulistonda “Otliq marafon”, Belarus Respublikasida “Ishonchli qabul” va “Qutb yulduzi”, Qozog‘istonda “Armiya taktik o‘qchisi” va “Meridian”, Venesuelada “Merganlik marrasi”, Jazoirda “Desant vzvodi” hamda Eronda “Professional mergan” yo‘nalishlarida ishtirok etmoqda.
E’tiborlisi, xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi dastlabki “Sayan yurishi” musobaqasi avvalroq, ya’ni shu yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasi hududida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Eron, Rossiyaning erkaklar va ayollar jamoalari hamda Abxaziya va Janubiy Osetiyadan jami 9 ta jamoa ishtirok etgan. Mazkur musobaqada yurtimiz harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasi va Xitoy jamoalaridan so‘ng uchinchi o‘rinni band etgan.
“Qurolsoz usta” musobaqasida Rossiya Federatsiyasidan 1 ta, O‘zbekiston Qurolli kuchlari nomidan 2 ta (bittasi konkursdan tashqari) jamoalar ishtirok etishi ma’lum qilindi. Shuningdek, “Dala oshxonasi” musobaqasida 5 davlat: O‘zbekiston, Vetnam, Rossiya, Belarus, Tojikiston vakillari ishtirok etadi. Musobaqalar 13-27 avgustgacha davom etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA