ArMI–2021: yanada yuksak marralar ko‘zlanmoqda
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoalarining “ArMI – 2021” xalqaro armiya o‘yinlariga tayyorgarligi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda xalqaro armiya o‘yinlari sovrindorlari, Mudofaa vazirligining soha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul bosh boshqarmalari boshliqlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi qonuniy asosning takomillashtirilishi qo‘shinlar tarkibiy tuzilishining tubdan o‘zgartirilishiga, milliy armiyamizni jahon andozalari asosida rivojlantirishga e’tibor qaratilishi hamda harbiy qism va muassasalarning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanishi esa qo‘shinlarimizning jangovar shayligi ortishiga va milliy armiyamiz rivojlanishiga poydevor vazifasini o‘tamoqda.
Harbiy okruglar hududlarida xalqaro standartlarga mos poligonlar foydalanishga topshirilgani ham muvafaqqiyatlar sari eshik ochmoqda. Bu nafaqat harbiy xizmatchilarning kundalik tayyorgarlik mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etish, balki nufuzli tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatini ham bermoqda. Shuningdek, jangovar tayyorgarlik bo‘yicha amaliy o‘quv mashg‘ulotlarida amaliyotda o‘zini oqlagan tayyorgarlik usullari joriy etilyapti.
Kiritilayotgan ana shunday o‘zgarishlar yildan-yilga rivojlanib borayotgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vakillari dunyo armiyalarining kuch-qudrati namoyon bo‘ladigan “ArMI” xalqaro armiya o‘yinlarida munosib ishtirok etishiga zamin yaratmoqda.
Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 16 ta yo‘nalishdagi musobaqalarda ishtirok etib, 14 ta sovrinli o‘rinlarni egalladi va yakunda 32 ta davlat o‘rtasida faxrli 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Musobaqalar davomida 37 ta rekord o‘rnatilib, ulardan 9 tasini jamoamiz a’zolari qayd etishdi.
Musobaqalarda jami 3 ta 1-o‘rin (“Sodiq do‘st”, “Yo‘l patruli”, “Harbiy-tibbiy estafeta”), 8 ta 2-o‘rin (“Xavfsiz marshrut”, “Elbruss xalqasi”, “Otliq marafon”, “Qurolsoz usta”, “Qo‘shinlar razvedka a’lochisi”, “Artilleriya olovi ustasi”, “Merganlar marrasi”, “Harbiy ralli”), 3 ta 3-o‘rin (“Dala oshxonasi”, “Xavfsiz muhit”, “Avtozirxli texnika ustasi”) qo‘lga kiritildi.
Xabaringiz bor, 2019 yildagi o‘yinlarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 14 ta yo‘nalish bo‘yicha musobaqada ishtirok etib, 11 ta sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi.
“ArMI – 2021” armiya xalqaro o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi 24 ta yo‘nalishdagi musobaqalarda qatnashishi rejalashtirilgan. Jumladan ularning 2 tasi “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” musobaqalari – O‘zbekistonda (Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘ dala o‘quv maydonida), 10 tasi “Elbruss xalqasi”, “Avtozirhli texnika ustasi”, “Qo‘shinlar razvedka a’lochisi”, “Armiya madaniyati”, “Xavfsiz marshrut”, “Muhandis formulasi”, “Tank biatloni”, “Desant vzvodi”, “Armiya taktik o‘qchisi”, “Sayan yurishi” – Rossiya Federatsiyasida, 3 tasi “Professional mergan”, “Ishonchli qabul”, “Qutb yulduzi” – Belarus Respublikasida, 2 tasi “Musaffo osmon”, “Xavfsiz muhit” – Xitoy Xalq Respublikasida, 2 tasi “Harbiy ralli”, “Otliq marafon” - Mo‘g‘ulistonda hamda 1 tadan Aljir Xalq Demokratik Respublikasi (“Sodiq do‘st”), Qozog‘iston Respublikasi (“Artilleriya olovi ustasi”), Vetnam sotsialistik Respublikasi (“Merganlar marrasi”), Eron Islom Respublikasi (“Qurolsoz usta”) va Qatar davlatida (“Yo‘l patruli”) bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, mazkur yilda 8 ta (“Ishonchli qabul”, “Desantchi vzvodi”, “Armiya madaniyati”, “Qutb yulduzi”, “Muhandis formulasi”, “Armiya taktik o‘qchisi”, “Professional mergan”, “Sayan yurishi”) musobaqada yurtimiz jamoalarining ilk marotaba qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash lozimki, shu yilning 14-16 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasining shimoliy “Yergakiy” tog‘ markazida 7 ta davlat – Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Abxaziya Respublikasi, Janubiy Osetiya Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “ArMI” xalqaro o‘yinlarining “Sayan yurishi” musobaqasida yurtimiz jamoasi faxrli III-o‘ringa sazovor bo‘lib qaytdi.
Erishilayotgan yutuqlarning o‘sish dinamikasi mamlakatimizda boshqa sohalar qatori mudofaa salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi yuksak marralar sari dadil odimlar tashlanayotganini anglatadi, bu esa o‘z navbatida, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining jangovar shayligi va mudofaa qobiliyatini yuksaltirishga, pirovardida tinchligimiz va barqarorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA