«ArMI–2021»: «Harbiy-tibbiy estafeta»da O‘zbekiston chempion
Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Harbiy-tibbiy estafeta”ning so‘nggi sharti – "Jamoaviy birinchilik" bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi Muhammadjon Xo‘jayevning xabar berishicha, unda ishtirokchi jamoalar vakillari – kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari erkaklar va ayollar guruhlariga bo‘lingan holda birdamlikda shiddatli bahslarga kirishdi.

Jamoaviy birinchilik shartiga ko‘ra, ishtirokchilar muhandislik to‘siqlaridan emaklab o‘tib, shartli yaradorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiy zambil orqali va arqon yordamida suvli to‘siq ustidan olib o‘tish, sanitar harbiy texnikaga joylashtirib, barcha aslahalarni yig‘ishtirib olish, keyin esa ularni xavfsiz hududga olib chiqish kabi mashqlarni bajarishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur shartda har bir ishtirokchining shaxsiy mahorati umumjamoa kuchini tashkil qilishda muhim rol o‘ynaydi. Bunda yuqori natijaga erishish uchun jamoaning har bir a’zosidan chaqqonlik va epchillik, xususan, birgalikda, hamjihatlikda harakat qilish, qat’iyat talab etiladi.

Musobaqa o‘tkazilayotgan hudud shartli ravishda jang maydonidek ko‘rinishga keltirilgan. Harbiy xizmatchilarning o‘qotar qurollardan havoga otayotgan o‘quv mashqlarida foydalaniladigan o‘qlaridan taralgan ovoz va o‘quv portlovchi vositalar shovqini, musobaqa yo‘lagi atrofida tomoshabinlarning qo‘llab-quvvatlashi, hali chekinmagan issiq yoz havosi hamda hayajon qorishib, mas’uliyatni yanada oshiradi.
Ammo bahslarda qo‘lni qo‘lga berib, o‘zi va sheriklarining harkatlarini bir xilda nazorat qilgan, birgalikda va bir-birlarini tushungan hamda qo‘llab-quvvatlagan holda marra tomon odimlagan jamoalar yuqori natijalarni qayd eta oldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, "Jamoaviy birinchilik"ning erkaklar hamda ayollar bahslarida O‘zbekiston jamoasi yuqori natijalarni ko‘rsatib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi bu yil ham mazkur musobaqaning «Jamoaviy birinchilik» bosqichida o‘tgan yilgi natijalarini yangilab, rekordlar qayd etishdi. Mazkur shartni bajarish uchun hamyurtlarimiz erkaklar o‘rtasida 5 daqiqa 28 soniya (o‘tgan yil – 6’28,8), ayollar o‘rtasida esa 7 daqiqa 57 soniya (o‘tgan yil – 10’09,2) vaqt sarf qilishdi.
Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi, Xitoy Xalq Respublikasi vakillari uchinchi o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqada hamyurtlarimiz uch yildirki, mutloq g‘olib bo‘lib kelishmoqda.
O‘zA