Armanistonning sobiq prezidentiga mamlakatdan chiqish taqiqlandi (+video)
Armanistonning sobiq prezidenti, «Armaniston» bloki rahbari Robert Kocheryan mamlakatdan chiqib keta olmadi. Unga xorijga safar qilish taqiqlangani haqida Yerevan aeroportida ma’lum qilingan, deb xabar berdi DW nashri. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kocharyan 14-iyun kuni Yerevan aeroporti orqali mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan.
Biroq chegara nazorati xodimlari unga hech qanday izoh bermasdan chiqib ketishni taqiqlagan. Kocharyan vakillarining ta’kidlashicha, sobiq prezident xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan qisqa safarga otlangan. Biroq u qaysi mamlakatga yo‘l olmoqchi bo‘lgani ochiqlanmagan. Kocharyanga nisbatan taqiq haqidagi xabarlar tarqalgan vaqtda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ijtimoiy tarmoqlarda video murojaat bilan chiqdi.
Unda Pashinyan 7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari vaqtida ovoz sotib olish holatlari kuzatilganini aytib, korrupsiyaga aloqador shaxslarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. «Pora tarqatgan kuchlarga boshqa imkoniyat berilmaydi. Bu qaror xalq ovozi bilan qabul qilindi», — degan Pashinyan. 9-iyun kuni Armaniston Bosh prokuraturasi Gagik Sarukyanga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgan edi. «Farovon Armaniston» partiyasi rahbari bo‘lgan bu tadbirkor yirik miqdorda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda.
Sarukyan ham mamlakatdan chiqib ketishga uringan, ammo unga nisbatan ham chiqish taqiqi joriy etilgan. Robert Kocharyan 1998–2008-yillarda Armaniston prezidenti lavozimida ishlagan. 2021-yilda u «Dashnaksutyun» va «Tiklangan Armaniston» partiyalari asosida tashkil etilgan «Armaniston» siyosiy blokiga rahbarlik qildi. Ushbu blok Rossiya bilan yaqin munosabatlarni qo‘llab-quvvatlovchi pozitsiyasi bilan tanilgan.
Kenja Bekjonov,Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA