Armaniston Boku bilan muzokara tezlashganini ma’lum qildi
Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Boku bilan tinchlik shartnomasi yil oxirigacha imzolanishi mumkinligiga ishora qildi.
“Muzokara jadal olib borilyapti, agar ushbu sur’atni saqlab qololsak va ijobiy natijaga erishish uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlansak, yil oxirigacha tinchlik shartnomasini imzolash imkoniyati paydo bo‘ladi”, – dedi kotib Armaniston jamoatchilik televideniyesiga bergan intervyusida. Uning aytishicha, Armaniston tomoni tinchlik shartnomasini imkon qadar tezroq imzolash niyatida.
– Bu voqea, ehtimol, yil davomida yuz berishi yoki yil oxirigacha cho‘zilishi mumkin, – degan Grigoryan. – Nima bo‘lganda ham niyatimiz masalaga yechim topish, tinchlikni ilgari surish va tegishli tinchlik bitimiga ega bo‘lish. Yerevan va Boku o‘tgan yil Rossiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi vositachiligida tinchlik shartnomasini muhokama qilishga kirishgan.