Ikki kundan so‘ng Samarqandda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokidagi “Grand Swiss 2025” turniri boshlanadi.
Iste’dod, yoshlik, tajriba va tafakkurlar jangi sanaladigan mazkur turnir har ikki yilda bir marta tashkil etiladi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollari iborat “Grand Swiss 2025” turniri 11 raundlik shveysarcha tizimida o‘tkazilib, unning erkaklar bahsida 116 nafar, ayollar turnirida 56 nafar xotin-qiz ishtirok etadi.
Turnirda qatnashadigan 18 nafar shaxmatchi FIDE reytingida 2700 ochkodan yuqori ballga ega bo‘lsa, 74 nafar grossmeyster 2600–2699 ballga ega bo‘lgan holda har qanday kuchli shaxmatchini mag‘lub eta oladigan jahon darajasidagi o‘yinchilar sanaladiki,bu, Samarqand musobaqalarining har bir turi takrorlanmas shiddatli bo‘lishidan darak bermoqda.
2026 yilgi jahon chempionati uchun “Talabgorlar turniri”ga 2 nafar erkak va 2 nafar ayol shaxmatchilarni aniqlab beradigan Samarqand “Grand Swiss 2025”ning erkaklar musobaqasi uchun 625 ming AQSH dollari, ayollar bahsi uchun 230 ming AQSH dollari etib belgilangan.
Aytish lozim, 2019 yilda tashkil etilganidan buyon ikki yilda bir marta o‘tkazilib kelinayotgan “FIDE Grand Swiss” shaxmat bo‘yicha jahondagi eng kuchli klassik turniri hisoblanadi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Arkadiy Dvorkovich Samarqandda musobaqalari ostonasida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida xalqaro musobaqalarni tashkil etishda boy tajribaga ega buyuk shaxmat mamlakati O‘zbekistonda o‘tkazilishidan xursandligini bildirib, "so‘nggi yillarda shaxmat sahnasida yangicha harakatlarni amalga oshirib kelayotgan yoshlar Samarqandda sinovdan o‘tadi. Dunyodagi millionlab shaxmat ishqibozlari O‘zbekiston orqali tafakkur olami boy aql sohiblari bilan yaqindan tanishadi. Ularning betakror shaxmat kombinatsiyalariga guvoh bo‘lishadi. Ishonchim komilki, “Grand Swiss 2025” Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi qadim shahar timsolida shaxmatning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi ommaviylashishiga kuchli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi", deya ta’kidladi.
Mamlakatimizda boshlanishi kutilayotgan "Grand Swiss” turnirining bundan oldingi musobaqalaridagi natijalarga e’tibor qaratsak, uchta erkaklar va ikkita ayollar toifasidagi bahslar kutilgan va kutilmagan natijalarni taqdim etganligiga guvoh bo‘lamiz.
2019 yili Men orolida tashkil etilgan "Grand Swiss” turnirida xitoylik Vang Xao Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Levan Aronyan kabi gigantlarni dog‘da qoldirib, g‘oliblikni tantata qilgandi. Usha turnirda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 6 ochko bilan 154 nafar ishtirokchi orasida 46-o‘rinni, Rustam Qosimjonov 5,5 ochko bilan 72-o‘rinni egallagandi.
2021 yili Litva poytaxti Rigada o‘tgan "Grand Swiss” turnirida Fransiya sharafini himoya qilgan Aliriza Firuzja tajribali grossmeysterlarni mag‘lub etib, jahon chempionligiga nomzodlar guruhidan joy egallagan vaziyatda 108 nafar shaxmatchi orasida hamyurtlarimizdan Nodirbek Yoqubboyev 54, Nodirbek Abdusattorov 56, Javohir Sindorov 62, Shamsiddin Vohidov 89-o‘rinlardan joy olgandi. O‘sha turnirda Yoqubboyev, Abdusattorov, Sindorov 5,5 ochko, Vohidov 4,5 ochko jamg‘arganligi e’tiborli bo‘lgandi.
2023 yilgi "Grand Swiss”da hindistonlik Vidit Santosh Gujarati 8,5 ochko bilan, Xikaru Nakamura 8 ochko bilan 2024 yilgi jahon chempionati nomzodlari turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, turnirda dona surgan shaxmatchilarimizdan Javohir Sindorov 7 ochko bilan 8, Nodirbek Abdusattorov 7 ochko bilan 12, Nodirbek Yoqubboyev 6,5 ochko bilan 14, Shamsiddin Vohidov 5 ochko bilan 75-o‘rinni band etgandi.
Xo‘sh, qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda tashkil etiladigan turnirda hamyurtlarimizning ishtiroki qanday bo‘ladi? Jahon shaxmatining eng kuchlilari bilan kechadigan murakkab bahslarda kimlar vatanimiz sharafini himoya qiladi?
“Grand Swiss 2025” turniri tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga nazar tashlasak, erkaklar musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov FIDE reytingi orqali bahslarda ishtirok etsa, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tavsiyasiga ko‘ra, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nig‘matov, Abdumalik Abdusalimov kuchlilar bilan bahslarda dona suradi.
Turnirning ayollar guruhida Gulruhbegim Tohirjonova reyting orqali, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova tashkiliy qo‘mita tavsiyasi orqali “Grand Swiss 2025”da yetakchilikka da’vogarlik qiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA