O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jixatdan mustahkamlash bilan birga mamlakatimiz oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalari ham belgilangan.
Fuqarolarning munosib hayot kechirishi, ularning tinchligini ta’minlash, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish kabilar shular jumlasidandir.
Konstitutsiyaning 2-moddasida “Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, degan qoidaning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi esa, shaxs bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tubdan yangicha qurish zaruriyatini keltirib chiqardi.
Asosiy qonunimizning 40-moddasida “Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega”, deb belgilangan.
Ushbu modda yuridik va jimoniy shaxslarning (murojaat qiluvchilarning) murojaat qilish huquqini mustahkamlash bilan birga, “arizalar, takliflar va shikoyatlarni qonunda belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”ligini ham mustahkamlagan.
Qonun normalaridan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tayotgan kontrakt asosidagi ofitserlar, serjantlar va askarlar hamda muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruv rezervi xizmatidagi askarlar ham to‘la foydalanish huquqiga egadirlar. Chunki harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan huquqlar hamda erkinliklardan harbiy xizmat sharoitlari belgilaydigan cheklovlar bilan va amaldagi qonunlarni hisobga olish bilan foydalanadilar. Chunki harbiy xizmatchilarning zimmalariga Konstitutsiyaviy, boshqa umumfuqaro majburiyatlari, shuningdek, umumiy mansab va maxsus majburiyatlar yuklatiladi.
Harbiy xizmatchilarning murojaat etish tartiblari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 27-bobida, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomi 5-bobida ham o‘z aksini topgan.
Konstitutsiya va u asosida qabul qilingan qonunlarimiz birinchi navbatda fuqarolarning manfaatlariga ustuvorlik berish maqsadiga qaratilgan bo‘lib, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, buzilgan huquqlarini tiklash, huquqbuzarliklarning oldini olish davlat siyosatining muhim qismiga aylangan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el fuqarolari (jismoniy va yuridik shaxslar) davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat etishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin.
Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.
Ariza–huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaatdir.
Ariza jismoniy va yuridik shaxslarning ularga qonun va boshqa huquqiy hujjatlar bilan berilgan huquq va erkinliklari amalga oshirilishini iltimos yoki talab qiluvchi murojaatdir. Arizaralar orqali jismoniy va yuridik shaxslar qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga intiladilar.
Ma’lumki, jismoniy shaxslarning qonunlarda belgilangan ayrim huquq va erkinliklari, manfaatlari hech qanday murojaatsiz, fuqaroning tug‘ilishi bilan yoki ma’lum yoshga yetganidan so‘ng avtomatik tarzda amalga oshadi (ro‘yobga chiqadi). Masalan, shaxsiy huquqlari – yashash huquqi, daxlsizlik huquqi, saylov huquqi va boshqalar. Shunday huquqlar ham borki, ularni amalga oshirish uchun qo‘shimcha, tegishli idoralarga murojaat qilish zarur.
Masalan, ishga kirish, ishdan bo‘shash, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish, nikohdan o‘tish yoki nikohni bekor qilish, fuqarolikni o‘zgartirish va boshqalar. Ana shunday sub’ektiv huquqlarni ro‘yobga chiqarish uchun ariza talab qilinadi.
Harbiy xizmatchilarda esa ariza o‘rnida bildiruv (bildirgi) orqali o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri boshlig‘iga murojaat qiladi. Masalan, navbatdagi ta’tilga ketish uchun, navbatdagi ta’tildan qaytib xizmat majburiyatlarini bajarishga kirishish uchun, harbiy gospitalda davolanish uchun, moddiy yordam puli olish uchun va xizmat majburiyatlarini bajarish bo‘yicha yana boshqa masalalar yuzasidan.
Fuqarolar Konstitutsiyaga asosan mehnat qilish huquqiga ega bo‘lsa-da, uni amalga oshirish uchun, albatta, fuqarolar ariza bilan tegishli organ, tashkilot, korxona, muassasaga murojaat qilishlari shart.
Xuddi shuningdek, pensiya olish huquqiga ham fuqarolar shu huquqdan foydalanish uchun ariza bilan murojaat qilishlari kerak.
Ba’zi arizalarda u yoki bu organ, tashkilot, korxona va muassasalarda, jamoat birlashmalarida, ma’lum kamchilik, qonun buzilishlar haqida xabarlar ham bo‘lishi mumkin. Bunda arizaning taklifdan farqi shundaki, arizada qo‘yilayotgan masalani hal qilish yo‘llari ko‘rsatilmaydi, taklif-tavsiyalar bayon qilinmaydi.
Davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxona, tashkilot va muassasalarga tushadigan arizalarning xarakteriga qarab ularni tegishli guruhlarga bo‘lish mumkin.
Bular:
1) ariza talablar;
2) ariza iltimoslar;
3) ariza xabarlar.
Ariza talablarda murojaat qiluvchi o‘z huquqini talab qiladi, chunki tegishli davlat idoralari, korxona, muassasa, tashkilotlar shu huquqni amalga oshirishga majbur. Masalan, har bir fuqaro ma’lum yoshga yetgach, nafaqa olish huquqiga ega, shu yoshga yetgach, nafaqani rasmiylashtirishni tegishli idoralardan talab qiladi.
Ariza iltimoslar orqali ham murojaat qiluvchilar o‘zlarining huquqini amalga oshirishni so‘raydilar, lekin bunday so‘rash iltimos shaklida bo‘ladi, chunki so‘rovlarni qondirish idoralarning huquqi, ular bunda o‘z imkoniyati, kelishilgan shartlar nuqtai nazaridan kelib chiqib murojaatni qondirish yoki rad etishi mumkin. Masalan, fuqaro mehnat qilish huquqiga ega, shu tufayli biror muassasaga ishga qabul qilish haqida murojaat qiladi. Agar xodimning malakasi, ixtisosi to‘g‘ri kelsa va shunday xizmat joyi bo‘lsa, u ishga qabul qilinishi, ya’ni iltimosi qondirilishi mumkin. Agar fuqaro muassasa talablariga javob bermasa yoki xizmat joyi yo‘q bo‘lsa, uning murojaati rad etilishi mumkin.
Ariza xabarlarda murojaat qiluvchilar ba’zi qonunsiz xatti-harakatlar, kamchiliklar haqida murojaat qiladi. Masalan, korxona, tashkilotlardagi talon-tarojlik yoki ayrim fuqarolarning qonun bilan taqiqlangan harakatlarni sodir etayotganligi, qonunsiz daromad asosida yashayotganligi va boshqalar.
Arizalar qanday guruhga kirmasin, u qanday hal qilinishidan qat’i nazar, ko‘rib chiqilib, natijasi murojaatchiga bildirilishi shart. Bundan tashqari, murojaat yuzasidan berilgan javobdan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori tashkilotlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirilishi kerak.
Quyidagi holatlar shikoyatni keltirib chiqarish uchun xizmat qiladi:
– murojaat qiluvchilarning huquqlarini ro‘yobga chiqarishni rad etish;
– asossiz ravishda huquqlarini amalga oshishiga to‘sqinlik qilish;
– murojaatlar (arizalar) vakolatsiz, vijdonan hal qilinmasa;
– murojaatlar (arizalar) belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib hal qilinmasa;
– murojaatchiga o‘z vaqtida asosli javob berilmasa.
Shuning uchun “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddasida shikoyatlarni hal qiluvchilarning aniq majburiyatlari belgilangan.
Arizalarni ko‘rib hal qilish vakolatiga kiruvchi sub’ektlar har qanday arizani har tomonlama, atroflicha, xolislik bilan va eng muhimi, o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi kerak.
Arizani ko‘rib chiquvchilar zarur bo‘lsa, maxsus komissiyalar tuzishi, ishga mutaxassislarni jalb qilishi, yashash joylaridan zarur ma’lumot va hujjatlarni so‘rab olishlari kerak.
Arizani hal qilishga vijdonan yondashishi kerak.
Ariza tezlikda, qonunda belgilangan muddatlarda hal qilinishi muhimdir. Aks holda, uning ahamiyati bo‘lmaydi. Chunki fuqaro o‘z sub’ektiv huquqining imkoniyati boricha tezlik bilan hal qilinishidan manfaatdor. Masalan, fuqaro tegishli idoraga moddiy yordam so‘rab murojaat qilsa, u shunday yordamga shu vaqtda muhtoj bo‘lishi, kechiktirib berilgan yordam uning muammosini hal qilmasligi mumkin.
Arizani ko‘rib hal qilishda faqat qonun va qonuniy hujjatlarga amal qilinishi zarur, ariza bo‘yicha qabul qilinadigan har qanday qarorlar qonuniy bo‘lishi kerak. Arizalarni ko‘rib hal qilish va ular yuzasidan to‘g‘ri qaror qabul qilish bilan masala tugamaydi. Bu masalaning bir tomoni, masalaning ikkinchi tomoni, qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlashdir. Qaror ijrosi to‘liq bajarilmaguncha, nazoratda turishi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxslar arizalari bilan ishlashning eng muhim sharoitlaridan biri – ariza mazmuni qanday hal bo‘lishidan qat’i nazar, natijasini asoslangan tarzda, yozma ravishda arizachiga ma’lum qilishdir. Ayniqsa, ariza rad etilsa, uning sababi tushunarli va asosli bo‘lishi zarur.
Jismoniy va yuridik shaxslar olingan javobdan qoniqish hosil qilishi kerak. Aks holda, ariza yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
Polkovnik Q.A.Azizov
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik
ta’minlash kafedrasi katta o‘qituvchisi