Ariqlarni innovatsion usulda betonlash (+video)
Dehqonchilik uchun sarflanayotgan suv zaxiralari yildan-yilga kamayib borayotgani tufayli undan tejab-tergab foydalanish vazifasini qo‘yar ekan, O‘zbekiston Respublkasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2024 yilni kanallarni betonlash zarbdor yili” deb e’lon qilgan edi. Bugun mamlakatning barcha viloyatlarida Prezident topshirig‘i amalga oshirilmoqda. Kanal qirg‘oqlarini va ostini betonlashga 676 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Jami 550 kilometr uzunlikdagi kanallar betonlashtirilmoqda.
Fermerlar ham qarab turgani yo‘q. Ular ichki ariqlarni o‘z daromadlaridan betonlashtiryapti. Shu yilning o‘zida u 25 ming kilometrga yetishi lozim.
Farg‘onaliklar, nafaqat ular, mamlakat tadbirkorlari “Sayqal” xususiy korxonasi raxbari Abdurahmon Niyozovni yaxshi tanishadi. Bir paytlar toshdan qog‘oz ishlab chiqargan ham shu tadbirkor edi. Mana endi u ariqlarni betonlashning innovatsion uslubini joriy etdi. Xitoydan samarador texnologiya keltirib o‘rnatdi va quruq beton to‘shamasi ishlab chiqara boshladi. Bu yangilik bilan tanishish maqsadida Farg‘onaga mamlakat irrigatsiya, suv ta’minoti, fermer xo‘jaliklari mutaxassislari yig‘ildilar. Maqsad – suv tejaydigan yangi usuldagi beton qoplamalar tajribasini o‘rganish edi.

–Tarkibi sement, qum, polimer va kimyoviy qo‘shilmalardan iborat, – deydi “Sayqal” xususiy korxonasi rahbari Abdurahmon Niyozov. –Buni ishlab chiqarish jarayonida igna bilan qavilgan. 1 kvadrat metrga 7000 bor igna uriladi va “Farbeton”ni qaviydi.
Eni 1,5 metr, uzunligi buyurtmachining talabiga ko‘ra bo‘ladi. 50 yil davomida ishlashiga kafolat beramiz.
Tadbirkor beton to‘shamasini tajriba maydonidagi ariqqa qoplab ko‘rsatdi. Juda oddiy, bir necha daqiqada ikki kishi bir necha metr ariqqa quruq beton to‘shamasini qopladi.

–Ariqning tepasiga qoplanadi. Ikki yoni 10 sentimetrdan ko‘miladi. So‘ng bir kecha – kunduz davomida 3 marta suv sepiladi. Shundan keyin betonariq tayyor bo‘ladi va undan suv oqqizish mumkin.
Ilgarilari 1 kilometr ichki ariqlarni betonlashtirish uchun 6-8 kun vaqt sarflanar, 250 kubometr beton talab etilgan. Kamida 2 nafar mutaxassis va 8 nafar ishchi mehnat qilgan. Xarajat esa 172 million so‘mga yetgan. Endi, yangi usulda, 1 kilometr uzunlikdagi 0,7 metrkub suv o‘tkazuvchi ichki ariqlarni quruq beton qoplamasi uchun atigi 3 kun vaqt, ikki nafar ishchi va eng ko‘pi bilan 130 million so‘m mablag‘ kerak.
Bunday usuldagi betonariqning yana bir afzalligi shundaki, uni yilning istalgan faslida amalga oshirish mumkin. Bor yo‘g‘i ikki kunda intensiv usuldagi betonariqdan dalaga kerakli miqdordagi suvni olish mumkin.

Eng muhimi bu – suvni tejash bo‘lib, ichki ariqlarda intensiv usulda beton qoplamasi yotqizilganda suvdan foydalanish koeffitsiyenti 95 foizga yetkaziladi, suvning oqim tezligi ortadi.
–Bu yerga Namangan viloyatining barcha tumanlaridagi fermerlar vakillari kelishgan. Arzon va uzoq muddat xizmat qiladigan material ekan. “Farbeton” fermerlarga maqul kelgani uchun ko‘plab shartnomalar qildik, – deydi Norin-Sirdaryo havzasi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Bahodir Bekxo‘jayev. – Shuning uchun ham biz Namangan viloyatida bu materialdan keng ko‘lamda fodalanishni mo‘ljallayapmiz. Avvalo viloyatning barcha fermerlari uchun bu yerda bo‘lgani kabi seminar tashkil etamiz.
Farg‘onadagi seminarning yana bir afzallik tomoni shunda bo‘ldiki, uning ishtirokchilari “Sayqal” xususiy korxonasi bilan yangi usulda ichki ariqlarni betonlash mahsuloti–qoplamalar uchun katta buyurtmalar berdilar.

–Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidan keldim. 72 gektar yerim bor. Fermer xo‘jaligim Zafarobod tumanining eng chetida, suv ham oxirida boradigan yerlar, – deydi fermer Zafar Ismatov. – Shuning uchun suv borishi ancha mushkul va uzoq vaqt o‘tadi. Farg‘onada yangi usuldagi betonariq bilan tanishdik. Hozircha 150 metrga yetadigan miqdordagi tushalma sotib olish haqida shartnoma imzoladik. Xudo xohlasa shu membranani ariqlarimizga qoplasak yerlarimizga suv kelishi tezlashadi. Agar u amalda o‘zini oqlasa, yana 1 kilometr ichki ariqlarni ham shu usulda qoplayman.
Yana bir yangilikni ham aytmoqchimiz. Farg‘onalik tadbirkor 36 ta g‘altakdagi simdan o‘q ariqlarga ko‘chma to‘g‘on yasaydigan to‘qima ishlab chiqaryapti. Uning yordamida istalgan shakl va o‘lchamdagi toshto‘g‘onlar yasab, o‘qariqlardagi suv oqimini boshqarib turish mumkin bo‘ladi.
Bunday usul va mahsulotlar shubhasiz mamlakatimiz dehqonchiligida suvdan tejab-tergab oqilona foydalanishda kutilgan samaralarni beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/V0bdNWgPJuw" title="beto'n qoplama Ekspert" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA