Argentinada minglab odam namoyishga chiqdi
Argentinada Prezident Xaver Miley hukumati tomonidan ta’lim sohasini moliyalashtirish qisqartirilishiga qarshi minglab odam norozilik bildirib, ko‘chalarga chiqdi. Buenos-Ayres va mamlakatning boshqa yirik shaharlarida o‘tkazilgan ommaviy aksiyada kasaba uyushmalari vakillari, olimlar va talabalar ishtirok etdi. Namoyishchilar qo‘llarida shiorlar ko‘tarib, ta’limga ajratilayotgan mablag‘ kamaytirilganiga qarshi chiqishdi.
Ayrimlar tartibbuzarlik sodir etgach, xavfsizlik kuchlari olomonni tarqatish uchun ko‘zni yoshlatuvchi gaz va suv purkagichdan foydalandi. To‘qnashuv oqibatida minglab odam zaharlanib, ko‘pchilik jabrlandi. C5N telekanali operatori hamda boshiga gaz granatasi tekkan bir ayol ham tan jarohati oldi. Juvon mahalliy OAVga bergan intervyusida farzandlarining bepul ta’lim olish huquqini himoya qilayotganini ta’kidladi. Namoyishchilar oliy o‘quv yurtlariga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi qonun ijrosini ta’minlash, ish haqini oshirish va davlat muassasalari moliyalashtirilishini ko‘paytirish talabini ilgari suryapti.
Xaver Miley 2023-yil dekabrida lavozimga kirishgandan beri amalga oshirayotgan byudjet xarajatini keskin tejash siyosati davlat universitetlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Hukumatning oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan pulni muzlatib qo‘yish haqidagi qaroriga talaba va o‘qituvchilar muntazam norozilik bildirmoqda.
Avvalroq Kongress tomonidan universitetlar byudjetini inflyatsiyaga moslab oshirish va o‘qituvchilar maoshini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan. Prezident esa moliyaviy cheklovni vaj qilib, ushbu hujjatga veto qo‘yishi butun mamlakat bo‘ylab norozilik to‘lqinini yanada kuchaytirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA