Argentina Jahon chempionati oldidan so'nggi ikki o'yini uchun raqib tanladi
Argentina terma jamoasi jahon chempionati oldidan bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Argentina Futbol Assotsiatsiyasi (AFA) rasmiy saytida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mundial startidan avval "albiseleste" ikkita o‘yinda ishtirok etadi.
6-iyun kuni Argentina terma jamoasi Gondurasga qarshi bahs olib borsa, 9-iyunda Islandiya bilan kuch sinashadi. Har ikki uchrashuv ham AQSH maydonlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Qo‘shimcha qilish joizki, JCh-2026 da Argentina terma jamoasi o‘z chempionlik unvonini himoya qiladi. Lionel Skaloni jamoasi guruh bosqichida Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Ma’lumki, o‘tgan mundial finalida Argentina terma jamoasi Fransiya bilan kechgan dramatik (3:3) bahsdan so‘ng, penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, kubokni qo‘lga kiritgan edi.