Arab dunyosi Isroilga talpinmoqda
Tashkil topganidan buyon Isroil davlati yetakchilari mamlakatni “murosa qilish mushkul qoʻshnilar” oʻrab olganini taʼkidlab keladi.
Sharh
Tashkil topganidan buyon Isroil davlati yetakchilari mamlakatni “murosa qilish mushkul qoʻshnilar” oʻrab olganini taʼkidlab keladi.
Ammo keyingi paytlarda baʼzi arab davlatlari Isroilga nisbatan doʻstona munosabat bildirishga oʻtgani koʻzga tashlana boshladi. Masalan, 13-avgust kuni Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari munosabatlarni barqarorlashtirishga kelishib olganliklarini eʼlon qildi.
Prezident Donald Tramp, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Abu-Dabi valiahd shahzodasi, BAA bosh qoʻmondoni oʻrinbosari, shayx Muhammad bin Zoid telefon orqali suhbatlashib, Isroil va BAA oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi haqida kelishib oldi. Shuningdek, tomonlar Isroil – Falastin ziddiyatini tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha kelishuvga erishgan. “Tomonlar Isroil – Falastin ziddiyatini hal qilish uchun adolatli, toʻlaqonli va mustahkam yechimni topish yoʻlidagi harakatlarini davom ettiradi”, – deyiladi bayonotda.
Bu 1994-yildan beri Isroil bilan arab davlatlari oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanishi boʻyicha birinchi holat – oʻshanda Iordaniya aloqalarni yoʻlga qoʻygan edi.
“Bugun katta ish roʻy berdi! Ikki buyuk doʻstimiz, Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida tarixiy tinchlik shartnomasi!” – deb yozdi prezident Tramp Twitterda.
Hujjatga koʻra, yaqin kunlarda ikki mamlakat delegatsiyalari xavfsizlik va iqtisodiyotdan tortib turizmgacha boʻlgan turli sohalarda ikki tomonlama bitimlarni imzolash uchun uchrashadi. Taʼkidlanishicha, uch mamlakat mintaqadagi xavfsizlikka tahdid borasida bir xil fikrda. Qoʻshma hujjat Binyamin Netanyaxu va Muhammad bin Zoid tomonidan prezident Trampga “mintaqada tinchlik” tarafdori boʻlgani hamda ushbu maqsadga erishishda “pragmatik va oʻziga xos” yondashuv uchun minnatdorlik izhorlari bilan yakunlanadi.
Isroil prezidenti Reuven Rivlin valiahd shahzodani Quddusga tashrif buyurishga taklif qildi. Endi yaqin orada har ikkala mamlakat investitsiya, turizm, aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, xavfsizlik, telekommunikatsiya, texnologiyalar, energetika, sogʻliqni saqlash, madaniyat, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi hamkorlik boʻyicha bir qator kelishuvlarni imzolaydi. Bundan tashqari, har ikkala mamlakatda elchixonalar ochiladi.
Qayd qilish joizki, BAA shu paytgacha Isroil davlatini tan olmasdan kelayotgan edi. Shu tufayli ikkala mamlakat oʻrtasida diplomatik va iqtisodiy munosabatlar boʻlmagan. Mana endi yaqin orada Vashingtonda Tramp ishtirokida Isroil va BAA oʻrtasida tarixiy tinchlik bitimi imzolanadi. Bu bitim Donald Trampga katta ochko keltirib, uning prezidentlik saylovoldi kampaniyasidagi reytingini koʻtarishga yordam beradi.
AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha yordamchisi Robert O Brayn Isroil va arab davlatlaridagi munosabatlar bundan keyin iliqlashuvini aytib, buning uchun Donald Tramp nomzodi tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga ilgari surilishi kerakligini bayon etdi. BAA Isroil bilan Misr va Iordaniyadan keyin diplomatik munosabat oʻrnatgan uchinchi arab davlati boʻldi.
Aslida arab davlatlari va Isroil oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshilanishi 2018-yildan boshlandi. Oʻsha yil noyabrda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va uning rafiqasi Ummonga tashrif buyurib, mamlakat sultoni bilan uchrashdi. Sakkiz soat davom etgan bunday darajadagi tashrif Yaqin Sharqda soʻnggi 20 yil ichida kuzatilmagan edi. Ortga qaytgan Netanyaxu oʻz vazirlariga ikki oʻrtada “juda muhim muzokaralar” boʻlib oʻtganini maʼlum qildi va bunday tashriflarni koʻpaytirishga vaʼda berdi.
Arab dunyosining boshqa davlatlari kabi Ummon va BAA Isroil tashkil topgandan beri u bilan aloqa qilmaslikka intilib kelar edi. «Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan tashriflar oʻrtadagi ulkan muzlikni erita boshlagani bilan ham oʻta ahamiyatli. Fors koʻrfazidagi arablar va Isroil yillar davomida bir-birini yaxshi bilgan, baʼzida uchrashib ham turgan, ammo hech kim bundan-da ildamroq qadam tashlashga jurʼat qila olmagan edi. Endi hammasi oʻzgarmoqda.
Fors koʻrfazi boʻyida joylashgan arablar va Isroilni bir-biriga yaqinlashtirayotgan asosiy omil – bu Eron. Isroil ham Ummon va BAA kabi Eronning Yaqin Sharq boʻylab taʼsiri kuchayishidan va buning ortidan mintaqada siyosiy beqarorlik boshlanishi ehtimolidan choʻchiydi. Rasmiy Tehron Suriya va Iroqdagi inqirozlarga bevosita taʼsir oʻtkazib keladi, Yamandagi isyonchilar va Livandagi Xizbulloh hamda Falastin Islomiy jihodi kabi qurolli guruhlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Eronni tiyib turishni istaydigan yana bir davlat AQSH ham oʻzining arab ittifoqdoshlari va Isroil oʻrtasidagi aloqalar iliqlashishidan manfaatdor.
Biroq falastinliklar Isroil va arab davlatlari oʻrtasida shakllanayotgan iliq aloqalardan tashvishda. Oʻz navbatida Arab dunyosi va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatga chek qoʻyishga vaʼda qilayotgan prezident Tramp maʼmuriyati falastinliklar tashvishini yana-da kuchaytirmoqda.
Falastinliklar xavotiriga koʻra, prezident Tramp Saudiya Arabistoni, BAA va boshqa arab davlatlarini Isroil – Falastin mojarosi boʻyicha tinchlik sulhi tuzishga majburlashi mumkin. “Isroilning oʻzi Falastin bilan aloqalarini yaxshilamay turib, bir mustamlakachi kuch boʻlib qolayotgan paytda uning mintaqadagi ahamiyatini oshirishga urinish oʻta xavfli”, deydi Falastin Ozodlik tashkilotining yuqori lavozimli rasmiysi Hanan Ashravi.
Ashravi xonim soʻnggi voqealar 2002-yilda Arab Ligasining 22 aʼzo davlati tomonidan imzolangan Arab Tinchlik tashabbusi qonuniyligiga putur yetkazishini taʼkidlaydi. Mazkur hujjatga koʻra, arab davlatlari 1967-yilda egallab olgan hududlarni toʻliq tark etmaguncha Isroil bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishga intilmasligi lozim. Isroil va Arab dunyosini ajratib yuborgan asosiy ziddiyat esa Falastin muammosi.
2018-yili AQSHning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga koʻchirish borasida prezident Tramp bergan qaror falastinliklar gʻazabiga sabab boʻlgan edi. Falastinliklar Sharqiy Quddusni boʻlajak mustaqil davlati poytaxtiga aylanishini istaydi. Shundan soʻng ular Vashingtonni noxolis tinchlik dalloli boʻlishda ayblab, u bilan aloqani uzgan.
BAA AQSH vositachiligida Isroil bilan tinchlik sulhi tuzishini eʼlon qilgandan keyin Falastin Amirliklardan oʻz elchisini chaqirtirib olishini eʼlon qildi. Bu haqda Falastin tashqi ishlar vaziri Riyoz al-Malikiy bayonot berdi. “Falastin davlati prezidenti Mahmud Abbos koʻrsatmasi bilan Isroil va BAA oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanishi haqidagi bayonotdan keyin zudlik bilan BAAdan Falastin elchisi chaqirtirib olinmoqda”, deb maʼlum qilgan al-Malikiy.
BAA va Isroil yarashuvini “Falastin milliy ozodligi harakati” (FATH) va XAMAS ham tanqid qilgan. “Okkupatsiya Falastin xalqining bosh dushmani boʻlib qolmoqda va biz oʻz kurashimizni davom ettiramiz”, deb vaʼda bergan XAMAS vakili Abdulatif al-Koʻnua.
Erishilgan ahdnomaga munosabat bildirgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil va arab dunyosi oʻrtasida “yangi davr boshlanishini” aytgan. Shu bilan birga, u Isroil Iordanning gʻarbiy qirgʻogʻiga oʻz daʼvolaridan voz kechmasligini va faqatgina bu rejalarini ortga surayotganini taʼkidlab oʻtgan. Isroil va BAA oʻrtasida munosabatlar yaxshilanishi Yaqin Sharq muammosini hal qilishning Tramp ilgari surgan rejasini amalga oshirishdagi navbatdagi bosqich hisoblanadi. Bu reja Isroilga Iordanning gʻarbiy qirgʻogʻidagi katta hududlarni, jumladan, Iordan vodiysini qoʻshib olishga yoʻlni ochib beradi. Falastin bu rejaga qatʼiy qarshi chiqmoqda.
Tahlilchilar fikricha, mazkur tinchlik jarayonida muhim rol oʻynashi lozim boʻlgan Saudiya Arabistonining ahamiyati jurnalist Jamol Xashoqjining saudiyalik maxfiy agentlar tomonidan oʻldirilishi ortidan ancha pasaydi. Biroq jurnalist Xashoqji mavzusi haqida fikr bildirgan Netanyaxu uning oʻlimi ortida turganlikda gumonlanayotgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad Bin Salmonni qoʻllab-quvvatlashiga ishora qilib oʻtgan. Jamol Xashoqjining oʻldirilishini “oʻta dahshatli” deya taʼriflagan Netanyaxu ayni vaqtda bu mojaro tufayli Saudiya Arabistonini bir chetga surib qoʻymaslik lozimligi, chunki “bundan ham jiddiyroq Eron muammosi” turganini taʼkidlagan.
Isroil Jamol Xashoqjining oʻlimiga qaramasdan Saudiya Arabistoni barqaror boʻlishi kerakligini aytdi. Bahrayn Isroilning bunday munosabatini olqishlagan. Mazkur voqealarning bari mintaqada boshlanayotgan muhim oʻzgarishlar alomati sifatida koʻrilmoqda. Hatto Netanyaxuga muxolif kuchlar ham buni eʼtirof etib oʻtgan. Biroq Falastin muammosiga juda hissiyotli munosabatda boʻluvchi oddiy arab odamlari Isroil bilan yaqinlashishni osongina qabul qilmasligi mumkin.
Hozir Falastin pozitsiyasini himoya qilayotgan bitta davlat bor. Bu – Turkiya. Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdogʻan BAA va Isroil oʻzaro munosabatlarni yaxshilashga kelishib olganini eʼlon qilganiga javoban Anqara Abu-Dabidagi elchisini ortga chaqirtirib olishi mumkinligini aytishi buning isbotidir. Erdoʻgʻanning taʼkidlashicha, u Turkiya tashqi ishlar vazirini Anqara shunday choralarga borishi mumkinligidan xabardor qilgan. Turkiya prezidenti BAA va Isroil oʻrtasidagi kelishuvni Falastinga nisbatan “kechirib boʻlmas qadam” deb atadi. “Agar zarur boʻlsa, Abu-Dabidagi elchimizni ortga chaqirtirib olishimiz mumkin, chunki biz Falastin tomondamiz va uning huquqlarini hech kimga berib qoʻymaymiz”, degan Erdogʻan.
Abduvali Soyibnazarov,
siyosiy sharhlovchi