G‘oliblar mamlakat bosqichida qatnashadi
O‘rta Chirchiq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘rta Chirchiq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yurtimiz obodligi va aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Xususiy sektorga qaratilayotgan yuksak e’tibor Toshkent viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy yuksaltirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
– Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 540 tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Bahor Ro‘zimetova. – Ular orasidan 100 nafarga yaqini viloyat bosqichida g‘oliblik uchun bahslashdi. Korxonalarda yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish, tovar ishlab chiqarish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini oshirish ko‘rik-tanlovning asosiy mezoni bo‘ldi. Tadbirkorlarning izlanuvchanligi, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishiga alohida e’tibor qaratildi. Fermer va hunarmandlar ham ana shu tamoyillar asosida sinovdan o‘tkazildi.
Zangiota tumani Hamid Olimjon nomidagi mahallada yashovchi tadbirkor Shavkat A’zamov tadbirkorlik uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, 2009-yilda “Takro Osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos solgan.
– Tikuv-trikotaj mahsulotlari va bolalar kiyimi ishlab chiqarish hamda eksport qilishga ixtisoslashgan korxonamizda 140 kishi mehnat qilmoqda, – deydi Sh.A’zamov. – 2014-yilda bir million 36 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Foyda ham qilingan mehnatga yarasha bo‘layotir. Bularning barchasi mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.
Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlari, sanoat va iste’mol tovarlari, oziq-ovqat, mashinasozlik mahsulotlari, hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Qibray tumanidagi “Salar – Nuriddinov Paxriddin” fermer xo‘jaligi uchun ajratilgan maydon ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
– Xo‘jaligimiz 2006-yilda o‘z ishini boshlagan. Umumiy ekin maydoni nisbatan chog‘roq – 5,6 gektar bo‘lishiga qaramay, bir yilda 4-5-marta hosil olamiz, – deydi xo‘jalik rahbari P.Nuriddinov. – Boisi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barchasini issiqxonada yetishtiramiz. Xo‘jaligimizda 15 kishi mehnat qilmoqda.
“Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishi bo‘yicha Zangiota tumanidagi “Takro Osiyo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shavkat A’zamov birinchi o‘rinni egalladi. Qibray tumanidagi “Salar – Nuriddinov Paxriddin” fermer xo‘jaligi rahbari Paxriddin Nuriddinov “Yilning eng yaxshi fermeri”, Bekobod shahridan Mavluda Andayeva “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.