AQSHga eksport boshlandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari Amerika Qo‘shma Shtatlariga “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish arafasida turgan “Buxara Azteks” MCHJda navbatdagi sayyor o‘rganish ishlarini amalga oshirdi.
Ma’lumki, Davlatimiz rahbarining AQSHga rasmiy tashrifida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy muloqotni kengaytirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga alohida urg‘u berilgan edi. Shuningdek, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiyaning okeanorti safari ham ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, aynan Amerikadan paxta tolasini import qilib, uni qayta ishlagan holda yirik brendlarga tayyor mahsulot eksport qilish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Ana shu tashabbusning amaldagi isboti sifatida “Buxara Azteks” MCHJ tomonidan AQSHning “Liberty” LLC kompaniyasiga 2026 – 2027 yillar davomida 60 million AQSH dollari miqdoridagi tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomasi imzolanishiga erishildi. Bu esa, korxonaning nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro bozorlar uchun ham barqaror hamkor sifatida shakllanganini ko‘rsatadi.

Bojxona organi mas’ullarining sayyor o‘rganishlari davomida korxona vakillariga “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi, eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan imtiyozlar va amaldagi tartiblar batafsil izohlandi.

Korxona kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 2025 yilda qiymati 10 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan asbob-uskunalarni import qilgan. Korxonaning asosiy eksportyor davlatlari Germaniya, Polsha va Rossiyadan iborat bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 368 tonna, qiymati qariyb 4 million AQSH dollari miqdoridagi tayyor mahsulot eksportga yo‘naltirgan.
Muloqot davomida eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olish borasida fikrlar almashildi va bojxona organlari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qonun doirasida doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.