AQSHdagi xususiy universitetlar vakillari Samarqandda
Global ta’lim konsorsiumi (CGE – Consortium for Global Education) prezidenti Karolin Bishop xonim boshchiligidagi tashkilotga a’zo universitetlar vakillaridan iborat delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
CGE notijorat xalqaro tashkilot bo‘lib, AQSHning 20 dan ortiq shtati, shuningdek, dunyoning o‘ndan ziyod mamlakatida joylashgan xususiy universitet va kollejlarni qamrab olgan. Konsorsium 1987 yilda Atlanta (AQSH)da a’zo universitetlar o‘rtasida malaka oshirish va kasbiy tajriba almashish orqali sifatli xalqaro ta’limni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. O‘tgan yili faoliyat boshlagan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari universitetlari orasida Global ta’lim konsorsiumiga a’zo bo‘lgan yagona vakil hisoblanadi.

Ilk bor yurtimizga kelgan mazkur konsorsium delegatsiyasi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdi. Shuningdek, muloqot davomida CGE vakillari mazkur tashkilot faoliyati, xalqaro dasturlar hamda akademik almashinuv imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda talabalar xalqaro almashinuv hamda Work&Travel dasturlari, konsorsium tomonidan ajratiladigan grantlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mehmonlardan javob oldi.

Konsorsium rahbariyati Samarqand xalqaro texnologiya universitetida o‘qitiladigan turli dasturlarni sertifikatlash, keyingi o‘quv yilidan boshlab esa MBA dasturini ochishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Xalqaro sertifikatga ega bo‘lish universitet bitiruvchilari uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri