AQSH Kongressi binosida O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman AQSH Kongressidagi O‘zbekiston bo‘yicha Kokus a’zolari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
O‘zbekiston kuni forumida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalaridagi yondashuvlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va ochiq bozor iqtisodiyoti tamoyillariga sodiqligi alohida ta’kidlandi.

Anjumanda AQSH Kongressi a’zolari – kongressmen Trent Kelli, senator Stiv Deyns, kongressvumen Kerol Miller hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi, yetakchi xalqaro kompaniyalar va fondlar rahbarlari ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, mamlakatimizni mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar lokomotivi sifatida e’tirof etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati delegatsiyasi AQSH Savdo vakolatxonasida ham uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni, islohotlar samaradorligi va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Amerika tomoni O‘zbekistonda bu yo‘nalishda strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Tadbirda AQSHning yirik kompaniyalari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar, xususan, Olmaliqdagi mis koni loyihasiga 4,5 milliard dollarlik sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot berildi.
Ijtimoiy sohalardagi hamkorlik, inson kapitaliga sarmoya kiritish, ta’lim dasturlari, xususan, “Yosh biznes liderlari” tashabbusi doirasidagi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.
Forum doirasida bo‘lib o‘tgan muloqotlar, intervyular va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi O‘zbekiston kuniga bag‘ishlangan tadbir yuqori darajada o‘tganini ko‘rsatdi.
Tadbir O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikka yangi turtki berib, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA